“Qizilqum” o‘z maydonida ochko yo‘qotdi
Navoiy shahridagi “Yoshlik” o‘yingohida Superliganing 3-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “So‘g‘diyona” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Har ikkala jamoa o‘yinchilari bo‘limni hujumkorlik bilan boshladi. “Qizilqum”ning ilk hujumi chap qanotdan tashkil etildi. Grigalashvilining raqib jarima maydonchasiga uzatib bergan to‘pini mehmonlar darvozaboni egallab oldi. Mehmonlar o‘yinchisi Shahboz Jo‘rabekovning yerlatib bergan zarbasi, shuningdek, keyinchalik Javohir Qahramonovning uzoq masofadan yo‘llagan kuchli va aniq zarbasini Nesterov bartaraf etdi.
Bo‘lim davomida mezbonlardan Elguja Grigalashvili, Oybek Qilichev, Mate Vatsadze va Salim Mustafoyevning xavfli hujumlarini goh darvazabon bartaraf etgan bo‘lsa, goh berilgan zarbalarni himoyachilar maydondan chiqarib yuborishga erishdi.
Mehmonlardan esa Shoxruz Norxonov va Jamshid Boltaboyev mezbonlar darvozaboni Ignatiy Nesterovni tez-tez asabiylashishga majbur qildi.
Ikkinchi bo‘limda ham jamoalar hujumkor o‘yin namoyish qildi. Ammo hisobni ochish mehmonlarga nasib etdi. O‘yinning 53-daqiqasiga kelib Islom To‘xtaxo‘jayevning xatosidan keyin Jamshid Boltaboyev o‘ng qanotdan oldinga o‘tib, to‘pni jarima maydoniga uzatdi. Norxonov o‘tkazib yuborgan to‘pni esa Iskandar Shaykulov darvozaga yo‘lladi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin mezbonlar hujumga o‘tdi. Bu esa 71 daqiqada o‘z samarasini berdi. Salim Mustafoyev gol muallifiga aylandi. Hisob 1:1.
O‘yinning qolgan qismida har ikkala jamoada hisobni oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi, ammo darvozabonlar bunga yo‘l qo‘ymadi. Natijada, 1:1 hisobi o‘yin oxiriga qadar saqlanib qoldi. Durrangdan keyin “Qizilqum” ochkolar sonini 5 taga yetkazgan bo‘lsa, mehmonlar o‘z ochkolarini 7 taga yetkazgan holda Jizzaxga qaytadigan bo‘ldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA