Qizilo‘rdada ahyon-ahyonda o‘q otilyapti
Qozog‘istonning ayni payt terrorchilik xavfiga oid qizil belgi bilan baholangan Qizilo‘rda shahrida vaqti-vaqti bilan yakkalik o‘q ovozlari eshitilib turibdi. “Sputnik Kazaxstan” tarqatgan xabarda bunday holatlar mazkur hududda davom etayotgan maxsus operatsiya harakatlari bilan bog‘liqligi taxmin qilingan.
"Shaharda bir-bir o‘q ovozi chiqib turibdi, hoynahoy, olib borilayotgan maxsus amaliyot tufayli bo‘lsa kerak", - deyilgan nashrning o‘z muxbiriga tayanilgan xabarida.
To‘rt kundirki, jamoat transporti yurmayapti, internet uzilgan.
Aholining fikricha, eng asosiy muammo naqd pul yo‘qligi. Yirik savdo-ko‘ngil ochar majmualar yopiq, faqat ko‘p qavatli uylar biqinidagi kichik do‘konlargina ishlayapti.
Ayrim minimarket egalari odamlarni o‘ylab, qarzga oziq-ovqat berishyapti.
Qizilo‘rda aeroporti ochiq, ammo odatiy jadval bo‘yicha aksariyat reyslar Almatiga uchganligi sabab, yo‘lovchini uchratish mushkul.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, tartibsizliklar ortidan shaharda jami 180 kishi jabrlangan, 20 ga yaqin bemor shifoxonaning jonlantirish bo‘limida yotibdi.
Ularning ahvoli to‘g‘risida oila a’zolari, qarindosh-urug‘iga xabar berib turishibdi.