O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati 1992 yil may oyida mustaqil maqomiga ega bo‘ldi. U 1992 yilda Prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan e’tirof etilgan. Jamiyat hozirda Konstitutsiyamiz va qonunlar, xususan Fuqarolik kodeksi, “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida” gi qonunlar, qolaversa, Jeneva Konvensiyalari (1949 yil) va ularga Qo‘shimcha Protokollar (1977 yil), Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha boshqa hujjatlar doirasida faoliyat yuritmoqda.
Jamiyat 1995 yil noyabr oyidan buyon Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yariy Oy jamiyatlari federatsiyasi a’zosidir. O‘z faoliyatida Harakatning asosiy tamoyillari: insonparvarlik, xolislik, betaraflik, mustaqillik, ixtiyoriylik, yagonalik, umumiylikga tayanadi.

– O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati zimmasiga Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi hamda 2017 yil 21 avgustdagi “Aholining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorgarligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorlari asosida aholini favqulodda vaziyatlarda puxta tayyorlash, ularni tartibli harakat qilish ko‘nikmasiga o‘rgatish, birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘qitish, favqulodda vaziyatlar paytida ishlatish uchun tovar-zaxira omborlarini tashkil etish kabi o‘ta muhim vazifalar yuklatilgan, – deydi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati Namangan viloyati tashkiloti raisi Dilorom Sayfiddinova. – Shulardan kelib chiqqan holda, viloyat tashkilotimiz va uning hududiy bo‘limlari aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida insonparvarlik, mehr-muruvvat g‘oyalarini targ‘ib etishda, ijtimoiy muhtoj insonlarga xolis yordam ko‘rsatishda ko‘plab amaliy ishlarni olib bormoqda. Ayni chog‘da, viloyat tashkilotining shahar va tuman bo‘limlari o‘z saflariga 180 mingdan ziyod a’zolar va 190 dan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarni atrofida birlashtirgan.

Birgina, o‘tgan 2022 yil hamda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Namangan viloyatida qirqdan ortiq insonparvarlik yo‘lidagi katta xayriya aksiyasi, aholini favqulodda vaziyatlarda tayyorlash doirasida sakkizta taktik o‘quv-mashqi, 157 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir va seminar-trening o‘tkazildi. Aholi o‘rtasida xalqaro insonparvarlik huquqi mazmun-mohiyatini keng tushuntirish maqsadida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu borada faqat, o‘tgan yil yakuni va joriy yilning to‘rt oyida ikki yuzga yaqin o‘quv, seminar-trening va davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda 10 ming 700 dan ziyod fuqaro ishtirok etdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan o‘tgan 2022 yil va keyingi oylar davomida ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand 777 fuqaroga yig‘ilgan a’zolik badallari va xayriya mablag‘lari hisobidan 211 milllion 600 ming so‘mlik insonparvarlik yordamlari ko‘rsatildi. Mahalliy bo‘limlar o‘z vasiyligiga 240 nafar nogironligi bor, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yakka-yolg‘izlar va kam ta’minlangan oilalarni olib, ularni muntazam ravishda parvarishlab kelmoqda. Ular o‘tgan davrda 50 million so‘mdan ortiq moddiy ko‘makdan foydalandi.

Faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan aholini favqulodda vaziyatlarda tayyorlash masalasi doimiy e’tiborda bo‘lib, bu borada ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Chunonchi, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi hamda 2017 yil 21 avgustdagi “Aholining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorgarligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida 2022 yilda 2 ming 461, joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida 1 ming 222 nafar, jami, 3 ming 683 nafar aholi birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘qitildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 112,8 foizni tashkil etmoqda.
Namangan shahridagi Zarafshon, Davlatobod, Navbahor va Axsikent mahallalariga aholining bardoshlik qobiliyatlarini yanada mustahkamlash maqsadida favqulodda vaziyatlar paytida ishlatish uchun 49 turdagi 27 million 100 ming so‘mlik moddiy-tovar boyliklari beg‘araz tarqatildi. O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati Namangan viloyati tashkilotining endigi vazifasi joriy yil yakuniga qadar zimmadagi vazifalarni bajarish orqali yurtimizda insonparvarlik, mehru oqibat kabi umumbashariy qadriyatlarni yanada ulug‘lashdan iborat.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA