Bugungi ekologik vaziyatlar atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish borasida ishlarni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvonot turlaridan foydalanish, ularni takror ko‘paytirish, shuningdek, hayvonlarni maxsus yaratilgan sharoitlarda ko‘paytirish hamda ov qilish va o‘simliklarni sun’iy yaratilgan sharoitlarda yetishtirish bilan bog‘liq munosabatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan talablarni yanada takomillashtirish zarur.

Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvonot turlarini muhofaza qilish yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Mazkur loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvon va o‘simliklar turlaridan foydalanishni taqiqlovchi va cheklovchi talablarni belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan turlarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va ularning yashash-o‘sish muhitini asrash, alohida muhofazaga olish hamda kelajak avlodga bus-butunligicha qoldirish imkoniyatini beradi.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
M. Komilova, O‘zA