Saudiya Arabistoni tomonidan ilgari surilgan Qizil dengiz mega loyihasining birinchi bosqichi ochilishiga bir necha oy qoldi. Tez orada uchta o‘ta hashamatli mehmonxona ishga tushishi kutilyapti. Mazkur turizm loyihasi boshida turgan kompaniya rahbari bu yil saudiyaliklar va chet ellik mehmonlar ekologik toza, hashamatli joylarga oqib kelayotgani sababli, xonalar “sotilib ketishi”ni kutayotganini aytdi.
2017 yil Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon e’lon qilgan uchta megaloyiha rejasidan biri Qirollik g‘arbiy sohilida joylashgan 28 ming kvadrat/kilometrlik ulkan sayyohlik maskani – Qizil dengiz loyihasi edi.
Hashamatli mehmonxonalar shu yil ochiladi
“Red Sea Global” yopiq aksiyadorlik jamiyati to‘liq davlat investitsiya fondi – “PIF”ga tegishli. Bu mamlakatning Qizil dengiz mintaqasini barqaror rivojlantirish orqali iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan “Vision-2030” loyihasi asosidir.
Korxona bosh direktori Jon Pagano “Al Arabiya” nashriga bergan intervyusida, mehmonxonalarning uchtasi 2023 yil oxirigacha topshirilishi, keyingi yil yana 13 tasi ochilishini aytdi. Loyiha nihoyasiga yetgach, 8000 dan ziyod xonasi mavjud, taxminan, 50 ta mehmonxona tayyor bo‘ladi.

Xususiy orolda joylashgan “Sent-Regis” Qizil dengiz kurortida 90 ta villa qurilishi kutilyapti. “Ritz-Carlton” hashamatli qo‘riqxonasi 82 ta suv ustidagi plyaj va villani jamlaydi. Darvoqe, dunyo bo‘yicha bir nechta “Ritz-Carlton” qo‘riqxonasi bor.
Maxsus aeroport quriladi
Qizil dengiz xalqaro aeroporti – “RSI” 90 dan ko‘p orol, plyaj, vulqon, cho‘l gumbazi, tog‘ kanoni va tarixiy madaniy ob’ektga tashrif buyuradigan sayyohlarga xizmat qiladi. 2030 yilga kelib, majmua yiliga bir million mahalliy va xorijiy sayyohni qabul qila oladigan qo‘nalg‘a qurilishi yakunlandi. Aeroport birinchi navbatda ichki reyslarni amalga oshiradi.

Ish o‘rinlari yaratiladi
Qizil dengiz loyihasi keng ko‘lamda rivojlanishi uchun ko‘p ishchi kuchi talab qilinadi. Bugungi kunda “Red Sea Global” kompaniyasida 3000 dan ziyod xodim ishlaydi. Har oy kompaniya 100 nafardan ishchini qo‘shib olyapti.
– Mehmondo‘st xodimlar tayyorlash maqsadida o‘quv akademiyasi ochmoqchimiz, – dedi Pagano “Al Arabiya” nashriga. – Trening mashg‘ulotlariga alohida e’tibor qaratiladi. “Vision-2030” dasturi yangi ish o‘rinlari yaratish orqali iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga yordam beradi. Ushbu loyiha mamlakatning turizm sanoati salohiyati haqidagi tasavvurni o‘zgartirishga xizmat qiladi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, 77 ming doimiy ish o‘rni paydo bo‘lib, mamlakat iqtisodiyoti yiliga 5 milliard dollardan ko‘proq daromad qila boshlaydi.
Nisbatan qisqa vaqt ichida salmoqli o‘sish va o‘zgarishni boshdan kechirayotgan Saudiya Arabistoni dunyodagi eng qiziqarli sayohat maskanlaridan biriga aylanmoqda. Bu yurtda faqat quyosh, qum va go‘zal suv emas, Qizil dengizni butun ekotizimi bilan, ming yillik tarix va madaniyatga ega sivilizatsiyani ham ko‘rish mumkin.
Shahnoza Toshtemirova, O‘zA