Qizamiq: xavf emlashdan emas, e’tiborsizlikda kuchayadi
Oddiy yo‘tal va aksirishdan boshlanib, butun tanaga toshma toshishi bilan davom etadigan qizamiq yuqumli kasalliklar orasida eng tez tarqaluvchilaridan hisoblanadi. Ayniqsa, bolalar orasida kasallikning qayd etilishi ota-onalardan yanada sergaklik va mas’uliyatni talab qiladi. Qashqadaryo viloyatida 2026-yil 31-iyul holatiga ko‘ra qizamiq bo‘yicha 706 ta holat qayd etilgan. Ularning 526 tasida kasallik laboratoriya va klinik tekshiruvlar asosida tasdiqlangan.
Kasbidagi holat qanday barqarorlashtirildi?
Kasbi tumanida ham joriy yil iyun oyida qizamiq bilan kasallanish holatlari ko‘paygan. Kasallik, asosan, emlash bilan to‘liq qamrab olinmagan kichik yoshdagi bolalar orasida qayd etilgan.
Kasbi tumanidagi 5-sonli oilaviy poliklinika mudiri Murtazo Saidovning ma’lum qilishicha, iyun oyi boshlarida boshqa hududlardagi tibbiyot muassasalarida bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan bir necha bolada qizamiq aniqlangan. Keyinchalik Mesit mahallasida ham kasallik holatlari qayd etilgan.
– Qizamiq aniqlanganidan so‘ng hududda epidemiologik nazorat kuchaytirildi. Avvalo, 6 oydan 11 oygacha bo‘lgan 185 nafar bola emlandi. 12 oylik bolalar esa milliy emlash taqvimi asosida vaksinatsiyadan o‘tkazildi. Shuningdek, 14 yoshgacha bo‘lgan 5 ming 622 nafar bolaning emlash holati qayta tahlil qilinib, zarur hollarda qo‘shimcha emlash ishlari amalga oshirildi. Iyun-iyul oylarida 1 ming 271 nafar bola emlandi. Qizamiqning hatto bitta holati ham ko‘p hisoblanadi. Chunki kasallik juda yuqumli va qisqa vaqt ichida keng tarqalishi mumkin. Shu bois kasallik o‘chog‘i aniqlangan hududlarda emlash tadbirlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi M.Saidov.
Uning ta’kidlashicha, poliklinikada vaksina zaxirasi mavjud. Ayni paytda 110 doza vaksina saqlanmoqda. Hududda yangi tug‘ilgan va emlash yoshiga yaqinlashayotgan bolalar ham muntazam nazoratga olinmoqda.
[gallery-30758]
Kasallanganlarning aksariyati emlanmagan bolalar
Kasbi tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i Alisher Abdullayevning aytishicha, hozir tumanda qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqarorlashgan.
Kasallanish ko‘paygan may-iyun oylarida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida maxsus tibbiy filtrlar tashkil etilgan. Bolalarning sog‘lig‘i nazoratga olinib, kasallik alomatlari kuzatilganlari tibbiy ko‘rikka yo‘naltirilgan. Maktablarda ham profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan. Kasallik aniqlangan har bir holat bo‘yicha epidemiologik surishtiruv o‘tkazilib, bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar aniqlangan va ularning emlash holati o‘rganilgan.
– Kasallanganlarning aksariyati emlash olmagan bolalar ekani aniqlandi. Joriy yilning o‘tgan olti oyida tumanga qizamiqqa qarshi 21 ming 910 doza vaksina yetkazib berildi. Vaksinalar bilan ta’minlashda muammo yo‘q. Ular belgilangan talablar asosida, “sovuqlik zanjiri”ga rioya qilingan holda saqlanmoqda va aholiga yetkazilmoqda, – deydi A.Abdullayev.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, kasallikning oldini olish maqsadida patronaj hamshiralari tomonidan ota-onalar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda, tarqatma materiallar tarqatilmoqda.
50 nafardan ortiq bola davolandi
Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Bekzod Ergashevning ma’lum qilishicha, iyun oyida tumanda qizamiq bilan kasallanish holatlari keskinlashgan.
Shu munosabat bilan tumanda shtab tashkil qilinib, xonadonma-xonadon yurib, bolalarning emlash holati o‘rganilgan. Emlashdan qolib ketgan bolalar, jumladan, sog‘lig‘ida turli cheklovlari bo‘lganlar ham qayta ro‘yxatga olinib, tegishli tibbiy ko‘rikdan so‘ng vaksinatsiya bilan qamrab olingan.
– Tumanda qizamiq bo‘yicha 72 nafar bolada shubhali holat kuzatildi va ularning 50 nafarida kasallik tasdiqlandi. Bemorlarning barchasi o‘z vaqtida tibbiy muassasaga yotqizilib, davolandi. Asosan 5-6 oylikdan 1-1,5 yoshgacha bo‘lgan, emlash bilan to‘liq qamrab olinmagan bolalar orasida kasallik kuzatildi, – deydi B.Ergashev.
Emlash – kasallikning oldini olishda eng samarali chora
Qizamiqqa qarshi kurashish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi asosida hududlarga qo‘shimcha vaksinalar yetkazib berildi.
Emlashdan qolib ketganlar, bemor bilan muloqotda bo‘lganlar, 6 oydan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda 30 yoshgacha bo‘lgan aholi orasida profilaktik emlash tadbirlari kengaytirildi.
Bu yerda bir jihatga alohida e’tibor qaratish lozim. Mavjud ma’lumotlar muammo vaksinaning yetishmasligida emas, ayrim holatlarda aholining emlashga bo‘lgan munosabatida ekanini ko‘rsatmoqda.
Qizamiqning yuqumlilik darajasi yuqori ekani sababli bir nafar bemorning o‘zi ham yangi kasallik o‘chog‘i paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shu bois kasallik belgilari paydo bo‘lganda o‘zboshimchalik bilan davolanish emas, balki zudlik bilan tibbiy muassasaga murojaat qilish muhim.
Eng muhimi, bolani emlashdan asrash uni kasallikdan asrash degani emas. Aksincha, o‘z vaqtida vaksina olmagan bola yuqumli kasalliklar oldida himoyasiz qolishi mumkin. Shuning uchun ota-onalar farzandining emlash taqvimiga amal qilishi, emlash muddatlarini o‘tkazib yubormasligi va tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga mas’uliyat bilan yondashishi zarur.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari