Yurtimizda ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va bandligini ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 1 mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor esa bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarda yangi davrni boshlab berdi. Unda ayol-qizlarning ta’lim olishi, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, kasb-hunar bilan ta’minlashga doir qator muhim vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, shartnoma asosida o‘qiydigan qizlarning shartnoma puli davlat byudjetidan qoplab berilishi, doktoranturada maqsadli kvotalarning ajratilishi ta’kidlandi. Shuningdek, homilador hamda yosh bolasi bor talaba-ayollar uchun masofaviy o‘qish imkoniyati yaratilishi belgilandi. Ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti esa mahalliy byudjetdan to‘lanadi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Buning uchun joriy yilda banklarga 1 trillion 800 milliard so‘m, kelgusi besh yilda 8 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi belgilab berildi.
2022 yil 1 sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda byudjetdan 200 milliard so‘m, 2023 yilda esa 1 trillion 700 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.
Yig‘ilishda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilishi belgilandi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, Prezident ta’lim muassasalari agentligida ham qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil agentlik tomonidan "Raqamli avlod qizlari" IT tadbirini muntazam ravishda o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. 28 fevral - 4 mart kunlari «Raqamli avlod qizlari» tadbirining navbatdagisi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi qizlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishdan iborat.
Quvonarlisi, o‘tgan yili mazkur tadbir doirasida 1000 dan ziyod arizalar kelib tushgan va 50 nafardan ortiq qizlar ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil arizalar soni 2 000 tadan oshdi va ular orasidan 60 nafar qizlar offlayn o‘qish uchun saralab olindi. Darslar onlayn tarzda ham tashkil etilib, mashg‘ulotlarni hyespublika bo‘ylab kuzatib borishdi.
«Raqamli avlod qizlari - 2022» IT oromgohida qizlar 5 ta yo‘nalish bo‘yicha tahsil olishdi. Zamonaviy kasblarning sir-asrorlarini o‘rganib, kelajakda ushbu sohada faoliyat olishlari uchun kerakli bilim va ko‘nikmalar berildi. Biz ularni shunchaki o‘qitib qolmay, keyingi ishlari bilan ham qiziqib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelmoqdamiz.
Zamonaviy sohalarni egallashga ishtiyoqmand qizlar sonining oshib borayotgani, ularning bu maydonga dadil kirib kelayotganligi quvonarli holat.
Yana bir misol, hozirda agentlik tizimidagi maktablarda jami 5017 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan 45 foizini qizlar tashkil etadi.
2021-2022 o‘quv yilidan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universiteti o‘z faoliyatini boshladi. Hozirda bu dargohda 177 nafar talaba tahsil olmoqda, ularning 43 nafari qizlardir.
Raqamlardan ko‘rishimiz mumkinki, ilmga chanqoq qizlar va ularni qo‘llab-quvvatlovchi ota-onalar soni yil sayin oshib bormoqda.
Azal-azaldan qiz bolaga ta’lim berish butun millatga ta’lim berishga tenglashtirilgan. Zero, ayol-qizlar uchun jamiyatda imkoniyatlar yaratilsa, mamlakat ham taraqqiy etadi.
Hilola Umarova,
Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori