Qiynoqlarning oldini olish masalasi muhokamada
Parlament quyi palatasida “Milliy preventiv mexanizm doirasida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha huquqiy bazani takomillashtirishda parlamentning roli” mavzusida xalqaro onlayn-seminar boʻlib oʻtdi.
Parlament quyi palatasida “Milliy preventiv mexanizm doirasida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha huquqiy bazani takomillashtirishda parlamentning roli” mavzusida xalqaro onlayn-seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Parlamentlararo Ittifoq, Oʻzbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT boʻlinmasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi BMTning Qiynoqlarga qarshi Konvensiyasini 1995-yilda ratifikatsiya qilgan. Inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yoʻl qoʻymaslik va tarqalishining oldini olish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish sohasida oʻz xalqaro majburiyatlarini bajarishni tashkil etish tizimini takomillashtirish boʻyicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni amalga oshirib bormoqda.
Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy ekspertlar tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan, qamoqqa olingan, shuningdek, maʼmuriy qamoq jazosini oʻtayotgan shaxslar huquqlari hamda erkinliklarini tashkiliy-huquqiy taʼminlash boʻyicha kompleks normativ hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga zamin yaratgan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ahamiyati alohida qayd etildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston oʻz xalqaro majburiyatlarini bajarish doirasida BMTning Qiynoqlarga qarshi qoʻmitasiga beshta maʼruza taqdim etdi. 2019-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi BMT qoʻmitasining qiynoqlarga qarshi 68-sessiyasi ishida ishtirok etdi. Unda BMTning Qiynoqlarga qarshi Konvensiyasi qoidalarini bajarish boʻyicha Oʻzbekistonning beshinchi davriy maʼruzasi koʻrib chiqilib, qoʻmitaning yaquniy xulosasi va tavsiyalar berildi.
Shu bilan birgalikda, BMTning Milliy preventiv mexanizmni rivojlantirishga oid xalqaro hujjatlarining xorijiy mamlakatlar amaliyotidagi ijrosining tashkiliy-huquqiy jihatlarini umumlashtirish va ishtirokchi davlatlarning vakolatli idoralari tomonidan qiynoqlarga solish hamda muomalada boʻlish va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlarining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi milliy preventiv mexanizm vazifasini amalga oshirish tizimini takomillashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, seminar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya doirasida inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash, qiynoqlarning oldini olish sohasida qonunchilik ijrosini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini faol amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini bajarilayotgani taʼkidlandi.
Seminar ishtirokchilari, xususan, xalqaro ekspertlar tomonidan protsessual qonunchilikni buzgan taqdirda, shu jumladan, qiynoqlar yoki psixologik va jismoniy bosimni qoʻllash orqali olingan dalillardan foydalanishni taqiqlash, dalillarni soxtalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, “Xabeas korpus” institutini qoʻllash koʻlamini kengaytirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish, qiynoqlar oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm yaratish, gender tengligi va ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi qonunlarni qabul qilingani ijobiy baholandi.
Tadbir davomida xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston tomoni bilan amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi. Xususan, xorijiy tajribani hisobga olgan holda qiynoqlarning oldini olish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.