Qishloqlarda suv ta’minoti yaxshilandi
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi Otkamar mahallasi uzoq yillardan buyon ichimlik suvi masalasida qiynalib kelardi. Uzoq masofadan tashib kelinayotgan suv harajatlari qimmatga tushayotgan edi. Nihoyat yangi yil arafasida mahalla ahlining ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolariga yechim topildi. Qishloqda yangi suv saqlash va uzatish inshooti foydalanishga topshirildi.
Loyiha doirasida salkam 19 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 2 ta 200 metr kub hajmli suv saqlash rezervuari qurildi.

Yaqin kunlarda tumandagi Qizilcha qishlog‘ida ham yangi suv inshooti foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Ikkala suv inshootining foydalanishgan topshirilishi natijasida hududdagi mingdan ziyod xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, shu kuni Qarshi tumanidagi Qoratepa qishlog‘ida ham yangi suv inshooti foydalanishga topshirildi.
Suv inshootining tantanali ochilish marosimida “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ rahbariyati va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Pudratchi “Bejganik servis” MCHJ rahbari Azizbek Ibragimovning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida 21,36 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan va 2 ta 500 metr kub sig‘imli rezervuar yangidan qurilgan. 350 metr elektr liniyasi tortilgan. Shuningdek, 55 ta kuzatuv qudug‘i, 1 ta transformator hamda 750 ta xonadonga suv hisoblagich o‘rnatilgan.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri