Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Bekobod tumanida viloyat va tuman darajasidagi agrar soha rahbarlari, vazirlik tizimidagi tashkilotlar mutasaddilari hamda fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazdi.
Dastlab, vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar vakillari bilan qishloq xo‘jaligining bugungi holati, mavjud resurslardan samarali foydalanish, eksportbop va raqobatbardosh tizimni shakllantirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Har bir hududdagi agrar muammolarni bevosita joyiga chiqib o‘rganish, aniq yechimlar ishlab chiqish hamda amaliy natijalarga erishish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularning yechimlariga doir vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Vazir qishloq xo‘jaligi bugungi kunda strategik ahamiyatga ega soha sifatida yangicha yondashuvni talab qilayotganini ta’kidladi. Shu bois, har bir tuman va sektor faoliyati ilmiy asoslangan, texnologik va innovatsion yondashuvlarga tayangan holda tashkil etilishi lozimligini qayd etdi.
Suhbat davomida joylardagi real holatni o‘rganish, resurslardan oqilona foydalanish va javobgarlikni aniq belgilash imkonini beruvchi vertikal boshqaruv tizimi haqida ham so‘z yuritildi. Xususan, hududiy bo‘linmalar yagona boshqaruv zanjiri asosida, aniq mas’uliyat va natijadorlik tamoyillariga asoslanib ishlashi zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, fermerlar va agroklaster rahbarlari bilan muloqotda nafaqat yer bilan ishlashni, balki zamonaviy bilimlar, bozor talablari va global raqobat sharoitlariga ham tayyor bo‘lishi kerakligi aytildi. Suv resurslaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalarni joriy etish, dala madaniyatini yuksaltirish va ariq-zovurlarni tartibga keltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda “Ombor kitobi” tizimi – oziq-ovqat mahsulotlarining kirim-chiqimini doimiy qayd etish orqali zaxiralarni nazorat qilish mexanizmini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Seminarda vazir Paxtachilik kengashi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalarga amal qilish, dala maydonlarida xorijiy navlar uchun xo‘rak maydonlari, mahalliy navlar uchun esa maxsus himoya zonalarini tashkil etish, shuningdek, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini bosqichma-bosqich va tizimli joriy etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
A.Musayev,O‘zA