Qishloq xo‘jaligi sohasini ilm-fansiz, iqtidorli kadrlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi tizimi aholining oziq-ovqat mahsulotlari, qayta ishlash sanoati tarmoqlarining xomashyoga bo‘lgan talabini qondiradi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, bu borada yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 maydagi “Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan va unda ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov agrotadbirkorlar, yosh fermerlar hamda qishloq xo‘jaligiga qiziqadigan yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida sohada amalga oshirilgan islohotlar xususida ma’lumotlar taqdim etildi. O‘zbek dehqonchilik maktabining rivojlanayotgani, agrar soha taraqqiyotining yangi bosqichga ko‘tarilishi, joriy yilning o‘zida mamlakatda 8 million 200 ming tonna g‘alla, 3 million 800 ming tonna paxta, 15 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 26 ming tonna pilla yetishtirishga erishilgani qayd etildi.
Vazir I.Abdurahmonov o‘z navbatida qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish bo‘yicha ishlar qilinayotganini alohida qayd etdi. Bunda eng avvalo axborot tizimlari va hukumat portali my.gov.uz o‘rtasidagi integratsiyalashuvni ta’minlash va kerak bo‘lsa, bu borada aniq maqsadlarni o‘zida aks ettirgan dastur yoki yo‘l xarita ishlab chiqish zarurligini aytib o‘tdi. Bu masalalarni o‘z vaqtida va tezkorlik bilan ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish asosini konstruktiv muloqot tashkil etdi. Bunda eng asosiysi, hozirgi holatni buzmagan holda galdagi vazifalar yuzasidan qilinadigan ishlarning ko‘lami belgilab olindi.
Shuningdek, vazir Ibrohim Abdurahmonov tomonidan bir qancha tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Yosh akademiklar klubi yoki uyushmasini tashkil qilish taklifini bildirdi. Yoshlarning agrar sohadagi innovatsion va startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun vazirlik huzurida alohida fond tashkil qilinishini ta’kidladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA