Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qibray tumanida joylashgan Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazida yangi laboratoriya o‘z faoliyatini boshladi.
Xalqaro standartlar talabiga muvofiqlashtirilib, akkreditatsiyadan o‘tkazish maqsadida Jahon banki tomonidan ajratilgan 6 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga laboratoriyaga zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari xarid qilingan.
Mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlar bevosita qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarining ekinbopligini aniqlash, urug‘lik kartoshka va “in-vitro” ko‘chatlarining xavfli yashirin virusli kasalliklarini aniqlash, yaroqli urug‘liklarga muvofiqlik sertifikati berish hamda yaroqsiz urug‘liklar ekilishining oldini olish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida ikkinchi non deya e’tirof etiladigan kartoshka ekinining urug‘ligini 2024-yil bahorgi mavsumda 117 ming gektar maydonga ekish uchun 292,7 ming tonna urug‘lik kartoshka talab etiladi. Buyurtmachilarning arizalari asosida mazkur urug‘lik kartoshkalarni ekish oldidan xavfli yashirin virusli kasalliklar, ya’ni kartoshka ekinining hosildorligiga jiddiy talafot yetkazuvchi va kartoshkaning ozuqaviy sifatini pasaytiruvchi kasalliklar va kartoshka bargining bujmayishi kabi viruslarni laboratoriyada PSR usulida aniqlash ishlari amalga oshiriladi. Natijada virusli kasalliklar bilan zararlangan va sifati past urug‘lik kartoshka ekilishining oldi olinadi hamda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi.
Eng asosiysi, Yevropa Ittifoqi bozorlariga imtiyozli huquq asosida O‘zbekistondan tovarlarni eksport qilish imkonini beruvchi “GSP+” tizimi shartlaridan biri bo‘lgan “Kartaxen” protokoli talabi bajarilishiga erishiladi.
Bugungi kunda “O‘zagroinspeksiya” tomonidan respublikaga chetdan kirib keladigan urug‘liklarning tarkibida geni o‘zgartirilgan organizmlar (GMO)ning mavjudligini o‘rganib borishdek muhim vazifa yechimiga qaratilgan tadbirlar ham amalga oshirilmoqda. Inspeksiya tashabbusiga ko‘ra, urug‘chilik sohasida rivojlangan bir qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilib, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston Xalqaro urug‘larni sinash assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilingan hamda laboratoriya xalqaro ISTA qoidalari bo‘yicha akkreditatsiyaga tayyorlanmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirish uchun ajratilayotgan grant mablag‘laridan maqsadli foydalanish natijasida kelgusida dehqonlar va fermerlarga kafolatlangan hamda biologik xavfsiz urug‘liklarning yetkazib berilishiga erishilmoqda. Pirovardida, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati bo‘lgan aholimiz dasturxoni to‘kin-sochinligi ta’minlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA