Qishloq xo‘jaligi: islohot, imkoniyat va samara
Buxoroda 22 aprel – Xalqaro yer kuni hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan tashrif buyurgan klasterlar rahbarlari, tomorqa yer egalari, qishloq xo‘jaligi sohasi faxriylari, mahalliy tadbirkorlar va fermerlar, ayollar va yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov shu yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotganligi, joylarda bo‘lib o‘tayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida yangilanayotgan Konstitutsiya, uning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz to‘kin, xalqimiz rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishidan tortib eksportdan qo‘shimcha daromad topishgacha bo‘lgan juda ko‘p masalalar shu soha bilan bog‘liq. Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga ko‘paytirilgani natijasida manfaatdorlik oshdi. Paxtachilik va g‘allachilik hashar emas, chinakam daromad manbaiga aylandi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqildi. Bu iqtisodiyotimizning asosiy o‘sish nuqtasi, “drayveri” bo‘ldi. Ming-minglab ish joylari yaratildi, odamlarning daromadi oshdi.
– 45 yildan buyon qishloq xo‘jaligining anorchilik yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib boraman, –deydi Farg‘ona viloyatidagi “Quva anori” agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfitdinova. –Bog‘dorchilik va anorchilikka e’tibor kamayib borayotgan edi. Prezidentimiz 2017 yil Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida anorchilikni rivojlantirish hamda ko‘paytirish borasida g‘oya bergan edi. Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda buning ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona-Quva yo‘nalishidagi qarovsiz bo‘lib yotgan yo‘l yoqasidan 300 gektar yer maydoni ajratildi. Prezidentimiz 2018 yilda anorchilik agrofirmamizga tashrif buyurib, “Tepa xudodan, past bandadan. Yerga mehr berib aql bilan ishlasa, albatta natijasini ko‘radi” degan edi. Mana xozirgi kunga kelib 600 nafardan ziyod aholi doimiy ish bilan ta’minlandi. Farg‘ona viloyati meva-sabzavot yo‘nalishida keng rivojlanganligi hech kimga sir emas. Farg‘onaga tashriflari chog‘ida viloyatning xar bir xududidan kelib chiqqan holda, Quvasoy shaharda giloschilik, Quvada anorchilik hamda o‘zining uzumlari bilan mashhur bo‘lgan Oltiariqda esa uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qildi. Shu bilan birga, har bir sohaning ilmiy tomoniga alohida e’tibor berishlari natijasida Farg‘ona davlat universitetida anorchilik va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘nalish ochilib, xozirda yoshlarimiz ushbu dargohlarda ilm olmoqda.
[gallery-11575]
Avvallari 40-50 sotix yer maydonida bog‘ tashkil qilish uchun qaror chiqarish odamlar uchun armon edi. 2020 yil noyabr oyidan boshlab Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani eng chekka cho‘l hududidan 5 ming gektardan ziyod qarovsiz yer ajratilib, yangi anorzorlar tashkil qilindi. Ushbu anorzorlar tashkil etilishi natijasida “Yoshlar”, “Ayollar” va “Temir” daftarda turgan aholining 3 mingdan ziyodrog‘i doimiy ish bilan ta’minlandi. Mana hozirgi kunga kelib birgina Surxondaryo viloyatining o‘zida 8 ming gektarga yaqin anorzorlar tashkil etilgan.
Har birimiz, o‘z-o‘zimizga savol beraylik. Keyingi 6-7 yilda hayotimizda, taqdirimizda nimalar o‘zgardi? Xuddi bu o‘z-o‘zidan bo‘layotganday. Aslidachi, yurtboshimizni fuqarolarni uyli, ishli, daromadli qilib inson qadrini ko‘targani emasmi?. Mana avvalgi Konstitutsiyamiz 125 bobdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz 155 bobdan iboratligi, har bir bob, har bir moddalarda insonga hurmat va uning qard-qimmati oshirilayotganligini ko‘rib turibmiz. Men shu yerda mamnuniyat bilan ayta olamanki, mana shu Konstitutsiyaning eng katta bobi bo‘lgan oila bobiga o‘zimning taklifimni bergan edim. Mening taklifim ham shu bobga kiritildi. Shu bilan birga pensiya va nafaqalarning iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanganligini qo‘llab-quvvatlayman. Ushbu Konstitutsiyada farzandlarimni, nevaralarimni yorqin kelajagini ko‘rmoqdaman. Shuning uchun bu Konstitutsiya mening, bizning, xalqimizning konstitutsiyasidir, deb ayta olaman.
–Oliygohni tugatganimdan so‘ng viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasida 12 yil ishladim, – deydi Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Agricultural Eksports Development” korxonasi ta’sischisi Jasur Raupov. – Men ishlagan davrlarda davlat sohasida ishlab, orzu-havas qilish ancha-muncha qiyin bo‘lgan. Oddiygina avtomashinam bo‘lmagan. Farzandlarim dunyoga kelgach oladigan maoshim yetishmasligini anglab yetib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi paydo bo‘ldi. Xorijiy tillarni yaxshi bilishim hamda chet elliklar bilan biznes muzokaralar o‘tkazish ko‘nikmalarim mavjudligi sababli 2014 yilda Respublikamizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga eksport qilishni maqsad qilib birinchi korxonamni tashkil qildim. O‘sha vaqtlarda qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini eksport qilishdan tushgan valyuta mablag‘lari davlat kursi bo‘yicha 50 foiz qismi majburan sotib olinar va bu esa mahsulot tan narxi oshishiga hamda xorijlik hamkorlarimizni e’tirozlariga sabab bo‘lar edi. Chunki xorijiy hamkorlarimiz o‘zlari O‘zbekistonga kelib, naqd valyutalarini “qora bozor” kursi hisobida o‘sha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishlari va noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishlari afzalroq edi. Bu holat korxonamiz mahsulotlarining tashqi bozorda raqobatbardoshligini tushirardi. Bugun vaziyat mutlaqo boshqacha. Va bu imkoniyatdan men ham foydalanib, o‘z faoliyat yo‘nalishimni ko‘paytirib, biznesimni kengaytirdim. 2022 yilning o‘zida viloyatimizning ikkita tumanida yangi ishlab chiqarish loyihalarini tashkil etib, 120 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Birgina Qorovulbozor tumanidagi korxonamiz tomonidan 1,5 million AQSH dollarilik mosh mahsulotlari Xitoyga eksport qilindi. Shuningdek, viloyatda birinchilardan bo‘lib, 3 dona jami 180 gektar maydonda Bauer kompaniyasining keng qamrovli suv tejamkor yomg‘irlatib sug‘orish mashinalari o‘rnatilib, ishga tushirildi va bu qadam hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida berilayotgan katta e’tiborning misoli bo‘la oladi. Aytmoqchimanki, bu erishilgan natijalarim, davlatimizni menga o‘xshagan tadbirkorlarga qonunlar bilan mustahkamlab, yaratib bergan imkoniyat va shart-sharoitlari mahsuli hisoblanadi. Shu ma’noda, men 30 aprel kuni referendumda faol qatnashib, o‘z ovozimni ana shunday katta o‘zgarishlar uchun bermoqchiman. Siz ham befarq bo‘lmang. Ovozingiz bilan kuchli ekanligingizni his qiling.
– Tadbirkorlik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Mustakillikka erishgan ilk yillaridan boshlaganman, – deydi Xorazm viloyatidagi “TOMARIS NUR CHORVA” fermer xo‘jaligi rahbari Maqsuda Abdullayeva. –O‘shanda tadbirkorlik faoliyatimni mutaxassisligim bo‘yicha oddiy apteka tashkil etib, odamlarga qulaylik yaratish, mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan iborat edi. Kichkinagina korxonamda ishchilar soni ham u qadar ko‘p emasdi. Topadigan daromadimiz esa xarajatlarni qoplashga zo‘rg‘a yetardi xolos. Shunga qaramasdan, turli nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar ko‘p bo‘lardi, lekin keyinchalik davlatimiz tomonidan tadbirkorlikka keng yo‘l ochib, sharoitlar yaratib, har xil tekshiruvlarga ham chek qo‘yildi, shu bilan tadbirkorligimni nafaqat oddiy aptekani yuritish, balki boshqa yo‘lnalishlar bo‘yicha xam amalga oshirish mumkinligini tushunib yetdim. Yanada katta daromadli faoliyat bilan shug‘ullanish uchun izlanishlar qildim. 2016 yil kredit evaziga bo‘lsa ham ko‘zimni chirt yumib, yangi ishga qo‘l urdim. Boshida xavotir bo‘lgani rost. Axir o‘zi bo‘ladimi? Umrida chorvachilik sohasi nimaligini bilmagan odamning chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil etib qora mol boqishi boshqalarga ham erish tuyuldi. O‘shanda ustimdan kulganlar, mening tez orada sinib, yana aptekaga qaytishimni kutganlar ham bo‘ldi. Yo‘q. Tadbirkorlikni ravnaq toptirish bo‘yicha puxta o‘ylangan siyosat tufayli birim ikki emas, o‘n emas, yuz bo‘ldi, ming bo‘ldi. Germaniya davlatidan olib kelingan 200 ga yaqin naslli qora mollarimiz, bugungi kunga kelib 1000 tadan oshdi. Hozirda ularni parvarishlab, ko‘paytirib, aholiga sut va go‘sht yetishtirib bermoqdamiz. Shuningdek, sutni qayta ishlash zavodini ham yo‘lga qo‘ydik. Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 12-bobida jamiyatning iqtisodiy negizlari to‘la-to‘kis ochib berilgan. Bu bugungi siyosatning ortga qaytmasligi va islohotlarning bardavomligi belgisidir. Men 30 aprel kuni ana shu o‘zgarishlar va xalqni o‘ylab qilinayotgan islohotlar uchun ovoz beraman.
Bayramona ruhda kechgan tadbir so‘ngida san’atkorlar tomonidan ijro etilgan inson qadri, Ona Vatan, tinchlik, muhabbat hamda yoshlikni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar, dilrabo raqslar tadbirga o‘zgacha joziba bag‘ishladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA