Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan delegatsiya a’zolari Xubey provinsiyasidagi dunyoga mashhur "Xinjiang Jinghua Seed" urug‘chilik kompaniyasining tarmoq tashkiloti faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Xinjiang Jinghua Seed" urug‘chilik kompaniyasi paxta va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarining yuqori avlodli urug‘liklarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya olimlari tomonidan kashf qilingan innovatsion texnologiyalar esa dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Xususan, ular g‘o‘zaga Vt genini o‘tkazishning zamonaviy va tezkor usulini ishlab chiqqan bo‘lib, bu jarayon an’anaviy backcross usuliga nisbatan ancha samarali ekani bilan ajralib turadi. An’anaviy usulda Bt genini g‘o‘zaga o‘tkazish 2-3 yil talab qilsa, yangi texnologiya yordamida 8 oy kifoya qiladi.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya a’zolarini qiziqtirgan yana bir muhim yangilik – tola chiqimini 45 foizdan oshirishni nazorat qiluvchi gen bo‘ldi. Bu texnologiya paxta tolasining hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Ushbu yangi texnologiyalar o‘zimizda ham tatbiq etilsa, mahalliy paxta navlarining tola chiqimini oshirishga katta hissa qo‘shadi. Bu esa paxta xomashyosini qayta ishlash samaradorligini yuksaltirish, milliy iqtisodiyotga salmoqli foyda keltirish va fermerlar daromadini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda "Xinjiang Jinghua Seed" urug‘chilik kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida qishloq xo‘jalik ekinlarining serhosil nav va duragaylarini yaratishda hamkorlik qilinadi. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi bilan g‘o‘za va boshqa turdagi qishloq xo‘jalik ekinlarining urug‘chiligi rivojlantiriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA