Qishloq mahsulotlari – xorijga
Namangan tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Toshbuloq Teks” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi Namangan viloyatidagi yetakchi eksportchi korxonalardan.
Namangan tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Toshbuloq Teks” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi Namangan viloyatidagi yetakchi eksportchi korxonalardan.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari barpo etish, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, eng muhimi, aholi bandligini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.
2010-yilda ish boshlagan korxona paxta tolasidan ip yigirishga ixtisoslashgan. Zamonaviy jihozlangan korxonada to‘quvchilik va tikuvchilik sanoati uchun zarur bo‘lgan yuqori sifatli kalava ip yigirilib, tayyor mahsulotning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi. Yiliga 4 ming tonna kalava ip ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona mahsulotiga xorijda ham talab ortib bormoqda.
O‘tgan yili bu yerda 14 milliard so‘mlik kalava ip tayyorlanib, 6 million AQSh dollari qiymatiga teng mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 3 million 200 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Bu korxonada mehnat qilayotgan 200 ga yaqin ishchi-xizmatchining daromadi ortib, turmushi yanada farovonlashayotganidan dalolatdir.
– Bozor iqtisodiyotidagi kuchli raqobat sharoitida sifat bosh omildir, – deydi korxona rahbari To‘lqinjon Barotov. – Biz korxonani bosqichma-bosqich texnik va texnologik jihatdan yangilab borish istiqbolini belgilab olganmiz. Joriy yil oxiriga qadar umumiy qiymati 760 ming AQSh dollariga teng ikkita loyiha asosida Germaniyadan yangi dastgohlar keltirib, modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Hozir loyihaning dastlabki bosqichi ustida ish olib borilmoqda. Loyiha amalga oshsa, mahsulot ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar o‘sadi.
Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning birinchi yarmida 87 korxona tashqi bozorga mahsulot chiqaruvchi subyekt sifatida qayd etilgan bo‘lsa, bugun ular safi 98 taga yetgan.
Joriy yilning dastlabki olti oyida Namangan tumanidagi “Istiqlol tekstil dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati 63,3 ming dollarlik erkaklar kostyumini eksport qildi. “Aisha home textile” va Chortoq tumanidagi “Chortoq Daihan textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan qariyb 680 ming dollar qiymatida sochiq, xalat, momiq mato, kalava ip mahsulotlari tashqi bozorga chiqarildi.
– Eksportchi korxonalarning 37 tasi qishloqlarda faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi sanoat bo‘limi boshlig‘i Akmaljon Asqarov. – Joriy yilning birinchi yarmida tashkil etilgan 11 yangi korxonada mahsulotni eksportga chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy ip yigiruv noto‘qima” mas’uliyati cheklangan jamiyati mebel to‘shamasi, Namangan tumanidagi “Nafis tex group” mas’uliyati cheklangan jamiyati trikotaj mahsulotlari, “Nammotorservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining nasos agregatlari eksport qilindi.
Bularning barchasi qishloqqa sanoatni olib kirish va mahalliy xomashyodan xalqaro bozorda xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.