Qishloq ayollari sharaflandi
Surxondaryoda 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuniga bagʻishlab tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Surxondaryoda 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuniga bagʻishlab tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, mavqeini mustahkamlab, yurtimizda yuz berayotgan oʻzgarishlarga daxldorlik hissini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Bu jarayonda qishloq ayollarining ham bugungi hayotidan rozi boʻlib yashashi uchun barcha zamonaviy sharoitlarni yaratish belgilangani haqida fikr almashildi.
Ayollar jamiyatimizning nafis gultoji sifatida eʼzozlanayotgan yurtimizda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, onalar va bolalar sogʻligʻini saqlash, bilim olishi, kasb-hunar egallashi, gender tengligi, mehnat muhofazasi, yordamga muhtoj ayollarga manzilli imkoniyatlar yaratish, uy-joy bilan taʼminlash, hayotda munosib oʻrnini topishiga koʻmaklashish kabi muhim yoʻnalishlarda yuz berayotgan yangilanishlar bunga yaqqol dalildir.
Maʼlumotga koʻra, viloyatda mavjud 622 mingdan ortiq oilaning 491 mingtasi qishloqlarda joylashgan. Ayni paytda viloyat qishloqlarida 1 million 300 mingdan ortiq ayol istiqomat qilib, qishloq joylardagi aholi sonida ularning ulushi 49,5 foizni tashkil etadi.
Mazkur raqamlar ham Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida davlat va jamoat tashkilotlarining asosiy eʼtiborini qishloq joylarga qaratishni kuchaytirdi. Shunga muvofiq qishloqlar infratuzilmasini tubdan yangilab, “Obod qishloq” dasturi doirasida yirik hajmdagi ishlar boshlandi. Zamonaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Hududning salohiyatidan kelib chiqib, daromad manbai yaratilayotir. Xotin-qizlar uchun munosib ish oʻrinlari tashkil etilmoqda.
–Albatta, bugungi ayolning, ayniqsa, qishloq ayolining barcha muammosi yechilib, hal boʻldi degan xulosadan mutlaqo yiroqmiz, – deydi viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Usmon Turapov.– Bugun ham qishloqlarda avvalo ayollar hayotida yechimini kutayotgan muammolar, kamchiliklar, yetishmovchiliklar talaygina. Lekin, ularni bosqichma-bosqich hal etish boʻyicha tegishli vazifalarni belgilab olganmiz. Shu maqsadda qishloqlarda ham shaharnikidan qolishmaydigan sharoitlar yaratilayotir.
Agrar hudud sifatida dunyoga tanilgan janubdagi voha xotin-qizlari qishloqlardagi taʼlim, tibbiyot, turli xizmatlar koʻrsatish tarmoqlari va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qilmoqda. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarni obod qilishda faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, agrar sohani rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshayotir. Xususan, voha qishloq xoʻjaligida band boʻlgan aholining 43,3 foizi xotin-qizlardir.
Tantanali tadbirda qishloq ayollari sharaflanib, oilalar tinchligi va obodligi, yurtimiz farovonligi yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, umummilliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirildi. Viloyat hokimligining qimmatbaho sovgʻalari topshirildi. Sanʼatkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.