Vatanimiz tarixidagi 17 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1172 yil (bundan 853 yil oldin) – anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan xorazmshoh Abulfath El Arslon vafot etdi. Xorazmshoh El Arslon otasi Otsiz kabi davlat mustaqilligiga to‘la erishish, uning hududlarini kengaytirishni o‘zining asosiy maqsadi deb bildi. Uning hukmronligi davrida – 1156–1172 yillarda anushteginiylar sulolasi sarhadlari Xuroson yerlari hisobiga ma’lum darajada kengaydi, ko‘pchilik hukmdorlar xorazmshoh bilan kelishib ish tutishga majbur bo‘lishdi.
1514 yil (bundan 511 yil oldin) – shayboniylar sulolasi asoschisi Muhammad Shayboniyxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammad Temur sulton Xuttalon viloyatining Quloq dashtida halok bo‘ldi. Shayboniyxondan uch nafar o‘g‘il farzand qolgan. Muhammad Temur Shayboniyxonning katta va tadbirkor o‘g‘li bo‘lib, Turkiston shahrida tug‘ilgan. Shayboniyxon tomonidan Xuroson yerlari egallangach, Muhammad Temurga Samarqand viloyati tumanlari tegdi hamda u valiahd deb e’lon qilinib, unga “xon” rutbasi berildi.
Biroq Muhammad Temur otasi vafotidan so‘ng biroz muddat Samarqandni qo‘ldan boy berdi va keyinroq Samarqand tumanlarida hokimiyatni yana o‘z qo‘liga oldi. Ammo ilgari, ya’ni, otasi davrida Muhammad Temur valiahd deb e’lon qilinganiga qaramay, qadimgi to‘ra va yasoq qonuniga ko‘ra, barcha sultonlar ittifoq bo‘lib, Shayboniyxonning amakisi – yosh jihatdan ulug‘ Ko‘chkinchi sultonni bosh xon qilib ko‘tarishdi. Muhammad Temur va uning avlodlariga taxtga o‘tirish nasib etmadi.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Muvaqqat hukumat chiqargan qarorga binoan, Rossiyaning Buxoro amirligidagi siyosiy agentligi Rossiyaning siyosiy rezidentligi (vakolatxonasi) qilib qayta tashkil qilindi.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – SSSRda qishloq aholisi uchun ma’muriyatning ruxsatisiz harakatlanish erkinligini taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Qonun qishloq aholisini pasport tizimidan chetda qoldirdi va bu bilan ularning erkin harakatlanish huquqini chekladi. Amalda dehqonlarning erkinlik huquqidan maxrum etilgani qonuniylashtirildi.
Qishloq aholisiga pasportlar berilmadi. Pasportsiz qishloqdan chiqish va boshqa joyga ko‘chib o‘tish imkonsiz edi. Faqat chegara hududlaridagi ayrim dehqonlargagina pasport berildi. Mazkur qonun o‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarigacha amal qildi.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, operator, rejissyor Davron Salimov tavallud topdi (vafoti 2009 yil).
1971 yil (bundan 54 yil oldin) – Namangan viloyatida joylashgan “Chortoq” sihatgohi (kurorti) O‘zbekiston hukumatining qaroriga asosan, respublika miqyosidagi sihatgohlar qatoriga kiritildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekistonda sanatoriy va kurort muassasalari faoliyatini tadqiq etgan Rashida Axmedovaning yozishicha, O‘rta Osiyodagi dastlabki yevropacha turdagi sihatgoh 1881 yili shifokor I.Bunin tomonidan Qo‘qon uyezdida joylashgan Pedov qishlog‘ida tashkil qilingan. I.Bunin Pedovdagi oltingugurt va ishqorli buloqda 8 ta vanna hamda 28 ta kichik xonalardan iborat uch karkasli yog‘och uy qurdiradi. Sihatgoh hududida 12 mingga yaqin daraxtlar ekiladi. Sihatgoh 1883 yil I.Buninning vafotiga qadar faoliyat yuritgan hamda 1885 yilda bu yerda Jalolobod-Ayub harbiy-sanitar stansiyasi barpo qilingan.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – SSSRda, shu jumladan, O‘zbekistonda birinchi marta referendum o‘tkazildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan Ispaniya Qirolligi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekiston – Ispaniya o‘rtasida XV asrdayoq aloqa o‘rnatilgani, 1404 yilda Kastiliya qirolining elchisi Rui Gonsales de Klavixo Samarqandga kelgani va Amir Temur saltanati haqida esdaliklar yozgani tarixdan ma’lum.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – uzunligi 224 kilometr bo‘lgan “Miskin – Uchquduq” temiryo‘li qurilishi yakunlandi.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Resrublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda “Raqamli Toshkent” kompleks dasturini amalga oshirish belgilandi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Resrublikasi Prezidentining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi