Qishloq aholisi uchun tibbiy ko‘rik
Aholi salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi Mustaqillikning 27 yilligi hamda Mustaqillikning 30 yilligi mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Mazkur mahallalardagi 68 ta ko‘p qavatli uy hamda 1 ming 300 ta kottejda 2 ming 420 ta oila bo‘lib, ularning tarkibida 10 ming 276 nafar kishi yashaydi. Ularning 1 ming 900 nafardan ziyodi turli guruh nogironlari hisoblanadi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Mustaqillikning 27 yilligi mahallasidagi 74-umumta’lim maktabida viloyat davolash-profilaktika muassasalari, Andijon shahar tibbiyot birlashmasining yetakchi shifokor va mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida aholi UTT, EKG, laboratoriya, rentgen, mammografiya, oftalmoskop instrumental tekshiruvlardan o‘tkazildi.
[gallery-10258]
Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot, perinatal, narkologiya va radiologiya, OITSga qarshi kurashish, ruhiy sog‘liqni saqlash markazlarining tor doiradagi mutaxassislari tomonidan kasal yotgan va nogironligi bor kishilar xonadonlariga borilib, tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik davomida aholining salomatlik ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Ko‘rik davomida bir guruh nogironligi bor shaxslarga imtiyozlar belgilandi, turli xastaliklar borligi aniqlangan fuqarolar viloyat shifoxonalarida imtiyozli yo‘llanma asosida davolanishga tavsiya etildi.
Jumladan, viloyat endokrinologiya dispanseri mutaxassislari tomonidan 18 nafar bemorning xonadoniga kirib, xabar olindi, ularning 15 nafariga ambulator tarzda, 3 nafariga shifoxonada yotib davolanish uchun yo‘llanma berildi. Viloyat perinatal markazi shifokorlari esa 23 nafar homilador ayolning holidan xabar olib, ularga homiladorlik davrini xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar hamda kamqonlikdan davolanish uchun dori-darmonlar berdi.
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida fuqarolarning 65 nafari UTT, 59 nafari EKG, 78 nafari laboratoriya, 41 nafari rentgenografiya, 34 nafari oftalmoskop, 45 nafari mammografiya apparatlarida instrumental tekshiruvdan o‘tkazildi.
Shuningdek, ko‘rik davomida shifokorlar tomonidan aholi o‘rtasida “Shifokor tavsiyasiz dori iste’mol qilmang”, “Shifokor retseptisiz dori xarid qilmang”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Bexattibbiy ko‘rik ar onalik”, “Bolalarda rejali emlashning ahamiyati”, “O‘sma, endokrin, kardiologik kasalliklar skriningi va ularning oldini olish”, “Giyohvandlik va OIV profilaktikasi”, “O‘smir qizlar gigiyenasi”, “Koronavirusga qarshi kattalar va bolalarni emlashning ahamiyati”, “Yod tanqisligi”, “Kamqonlikning oldini olish” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA