Qishloq aholisi uchun fitnes klub
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangi fitnes klub foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi, mehnat faxriylari, mahalla faollari, yoshlar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni zararli odatlardan asrash hamda har bir mahalla, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalarda jismoniy tarbiya va sportni samarali tashkil etish tizimini shakllantirish maqsadida va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 yanvardagi “O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish to‘g‘risida”gi 65-sonli qarori ijrosi doirasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-9370]
Sharof Rashidov tumani “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘inining “Nurli quyosh” ko‘chasida mahalliy, yosh tadbirkor Sarvar Mirzayev tomonidan zamon talablariga javob beradigan fitnes klub barpo etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 dekabrdagi “Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan tijorat bankining 540 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga mahallada ajoyib fitnes klub tashkil etilgani tahsinga loyiq. Klubning tantanali ochilish marosimida qatnashganlar majmuada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
bugungi kunda ushbu sport majmuasida tashkil etilgan sport mashg‘ulotlariga yoshu-qari birdek faol ishtirok etmoqda. Mahalla aholisining sevimli maskaniga aylangan majmua sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bu yerda 4 nafar mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlandi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA