Avstriya, Kanada, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Rossiya, AQSH, Finlyandiya, Fransiya, Chexoslovakiya, Shveysariya, Shvetsiya, Yaponiya kabi dunyoning rivojlangan davlatlarida qishki sport turlari rivojlangan. Ushbu davlatlarda Jahon va Yevropa chempionatlari, nufuzli xalqaro musobaqalar muntazam o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda ham qishki sport turlarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yosh sportchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tarbiyalash, xalqaro talab va standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash, bolalar va o‘smirlar sport maktablari va terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etish, qishki sport turlari bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar o‘tkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston 1972 yilda Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. 1973 yilda "Binokor" Sharqiy zonaning kuchli beshligidan joy oldi va Sobiq Ittifoqda mashhur bo‘ldi. Binokor 1973-1988 yillarda Xokkey bo‘yicha SSSR chempionatining birinchi va ikkinchi ligalarida o‘ynagan. Ushbu tarkibda ishtirok etgan xokkeychilarimiz Shukurullo Karimov, Baxtiyor Rashidov, Alisher Azimov va Ilmir Karimovlar chin ma’noda yurtimiz faxri sanaladi.
O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, ilk marta 1994 yili Norvegiyaning Lillehammer shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiadada mustaqil davlat sifatida O‘zbekiston bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etdi. Bu O‘zbekiston sporti tarixidagi ilk olimpiada edi. Sababi bungacha mamlakat Yozgi olimpiada o‘yinlarida ham hali mustaqil davlat sifatida ishtirok etmagan edi. Lillehammerdagi olimpiadada O‘zbekiston sharafini 2 sport turi – figurali uchish va fristaylda 7 nafar sportchi himoya qilgan.
O‘zbekiston sporti tarixida bu olimpiadaning yana bir alohida ahamiyat kasb etishi bu fristayl ustasi Lina Cheryazovaning ishtiroki bo‘lgan. U O‘zbekiston sporti tarixida birinchilardan bo‘lib ilk oltin medalni Norvegiyada qo‘lga kiritgan edi. Afsuski, hozirgacha bu qishki olimpiada tarixida qo‘lga kiritgan yagona medalimiz sanaladi. Undan keyin o‘tkazilgan beshta olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi medal ololmagan.
Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi “O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori va boshqa bir qator me’yoriy hujjatlar ijrosi mamlakatimizda qishki sport turlarini yanada rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2019-2020 o‘quv yilidan “Qishki sport turlari” kafedrasi faoliyat boshladi. 2021-2022 o‘quv yilidan “Qishki va murakkab texnik sport turlari” fakulteti tashkil etildi.
Axborot izlash, uni qabul qilib, qayta ishlash imkoniyatlari tobora takomillashayotgan bugungi kunda soha professor-o‘qituvchilari oldida ikkita muhim talab qo‘yilmoqda.
Birinchidan, har bir o‘qituvchi zamonaviy axborot texnologiyalaridan habardor bo‘lishi, o‘z ixtisosligiga doir yangilanishlarni nazorat qilishi va shu asosda o‘qitishning sodda, lekin ta’sirchan usullari ustida bosh qotirishi, talabalarning qiziqish ko‘nikmasini yuksaltirishga erishishi lozim. Bu izlanish, bilim va ko‘nikmalarni oshirish, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, talabalarga mustaqil ilm egallash imkoniyatlarini taqdim etish va kreativ yondashuvni talab etadi.
Ikkinchidan, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llash asnosida talaba-yoshlarda Vatanni sevish va ardoqlash, milliy-ma’naviy merosni asrash tuyg‘ularni yuksaltirish lozim bo‘ladi. Shuningdek, yigit-qizlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini terang anglashi va unga o‘z hissasini qo‘shishi zarur.
Prezidentimizning 2020 yil 4 feraldagi “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Qishki sport turlari” kafedrasi dars jarayoniga rossiyalik xokkey mutaxassisi Vladislav Sergeyevich Kiselyov jalb qilingan. O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektorining 2019 yil 9 dekabrdagi buyrug‘i asosida U “Qishqi sport turlari ” kafedrasi katta o‘qituvchi lavozimiga tashqi o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilindi. Hozirda Vladislav O‘zbekistonda asosiy ish joyi O‘zbekiston xokkey federatsiyasida Hakamlar departamenti direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Mazkur qaror asosida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Qishki va murakkab texnik sport turlari” fakulteti tomonidan yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Dasturga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik asosida xalqaro standartlarga javob beradigan yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydonlarni (xokkey, figurali uchish, short-trek va kyorling) qurish hamda ularni zamonaviy sport asbob-uskunalari va jihozlari bilan ta’minlash, “Qishqi sport turlari” kafedrasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qishki sport turlari yo‘nalishlari bo‘yicha kvotalarni oshirish, qishki sport turlari bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish (darslik, o‘quv qo‘llanma, o‘quv-uslubiy qo‘llanma, uslubiy tavsiyanomalar), xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarida talabalarning ta’lim olishi, o‘qituvchilar malakasini oshirish, stajirovka o‘tashlarini ta’minlash, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar o‘rtasida qishki sport turlari bo‘yicha sport tadbirlarini muntazam tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘quv-mashg‘ulot jarayonining o‘quv-uslubiy va ilmiy-uslubiy kompleksini ishlab chiqish uchun O‘zDJTSUning “Qishki sport turlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, olimlar, qishki va murakkab texnik sport turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi mutaxassislaridan tarkib topgan kompleks ilmiy guruhlarni shakllantirish ham belgilangan. Bunda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport maxorati maktabi, “Binokor”, “Xumo” va “Semurg‘” xokkey klublari bilan hamkorlik aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Qishki sport turlari bo‘yicha nufuzli xorijiy sport-ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, trenerlar va mutaxassislarni jalb etish, ular ishtirokida namunali o‘quv ma’ruzalar, amaliy darslar, master-klass va treninglar o‘tkazish, O‘zDJTSU qishki sport turlari ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari bo‘yicha o‘rta umumta’lim maktablari bitiruvchilari o‘rtasida targ‘ibot – tashviqot ishlarini olib borish, ko‘rgazmali materiallar, multislaydlar, filmlar orqali aholining keng qatlamlari, ayniqsa, o‘smir-yoshlarga qishki sport turlari haqida tushunchalar berish, ularning ushbu sport turlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish ham muhim hisoblanadi. MDH, Xitoy, Yevropadagi turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, Belorussiya davlat jismoniy tarbiya universiteti va P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik davlat universiteti tajribasini o‘rganib, kafedra ixtisosliklari xususiyatidan kelib chiqib o‘quv rejalari, fan dasturlari yaratish ham qishki sport turlari rivojida alohida o‘rin tutadi.
Sultonbek Davletmurodov,
O‘zDJTSU Qishki va murakkab-texnik
sport turlari fakulteti dekani,
pedagogika fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD)