Uzoq yillar davomida O‘zbekistonning saxiy quyoshi bor deb ajib bir ne’matdan foydalanmay keldik. Bu issiqxonalardir. Mana endi, uning daromadini bilganlar minglab, o‘n minglab issiqxonalar qurdi, qurayotirlar. Keling, 30, 40, hatto 50 gektarga tiklangan issiqxonalarni qo‘ya turaylik. Hozir qaysi mahallaga bormang, kaftdek joy topsa ham plyonka tortib guldan to limongacha, banandan qulupnaygacha yetishtirishyapti.
Dang‘ara tumanidagi aholi tadbirkor. Savdo-sotiq, maishiy xizmat ko‘rsatishning ustasi ular.
Lekin... Navbahor mahallasiga yangi ko‘chib kelgan Elbek Qosimovlar oilasi qo‘ni-qo‘shnini qulupnaychilikka qiziqtirib qo‘ydi. Besh sotix xovlining ikki sotixiga uy-joy qurilgan. Ikki sotixni esa qulupnay uchun issiqxonaga ajratishdi.

– Hokim yordamchisi yordamida imtiyozli kredit olib, parnik qildik. Uning qurilishiga jami 120 million so‘m ketdi, – deydi Elbek Qosimov. –Qulupnayni 28 sentyabr kuni ekkanmiz. Mana g‘o‘raladi, 5-10 kunda qizarib pishgan hosilni xalqimiz dasturxoniga yetkazib beramiz.
Ma’lumki, qulupnay nozik ekin. Sug‘orish, o‘g‘itlash, butash... bu jarayonlarning o‘z vaqti bor. Ikki sotix joyda gidroponika usulida 2600 tup Koreyaning Solixiyan navli ko‘chati ekilgan. Uni parvarishlash uchun Elbek o‘ziga internet orqali ustoz topdi.
– Mutaxassisligim quruvchi, injenerman. Hozir qurilish sohasida ishlayman. Bu soha bilan ishdan bo‘sh paytimda qo‘shimcha daromad olish uchun shug‘ullanyapmiz. Agronomlar bilan ko‘chatni ekishdan boshlab, ozuqa berish, parvarish qilishgacha maslahatlashib yetishtiryapman, – deydi Elbek Qosimov.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir tup ko‘chat o‘rtacha 350-800 grammgacha hosil beradi. Demak, ikki sotixdan kamida 1 tonna qulupnay olsa bo‘ladi.
Navbahor mahallasida shu kabi yangiliklar oz emas.

– 30 ta mikroloyiha tashkil etdik. 100 dan ortiq ish o‘rni yaratdik. Loyihalarning ichida ko‘pchiligi kichik ishlab chiqarish bo‘lib, ular 20 tani tashkil qiladi. O‘rta ishlab chiqarish korxonalarimiz ham bor. Masalan “Havasxon” oilaviy korxonasi 50 dan ziyod xotin-qizni ish bilan ta’minladi, – deydi “Navbahor” MFYdagi hokim yordamchisi Dilshod Jo‘rayev. – Gidroponika usulida qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Mahallamizda tomorqadan samarali foydalanish maqsadida qo‘shni xonadonlarda ham qulupnay yetishtirishni tashkil etamiz.
Ha, darvoqe, Elbek Qosimovlar xonadoni yana bir hafta-o‘n kundan so‘ng, ya’ni qishning dastlabki kunlaridanoq qulupnay sotishni boshlaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Qs4egXGUX-Q" title="Qishda qulupnay pishadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari