Qish mavsumida ko‘p qavatli uylarda muammo bo‘lmaydi
Andijonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, uni betalofat o‘tkazish, mavjud muammolarni bartaraf etish, xususan, viloyatdagi ko‘p qavatli uylarni mavsumga tayyorlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borildi.
– Bu yil sovuq birmuncha erta boshlangan bo‘lsa-da, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi e’tiroziga sabab bo‘ladigan jiddiy muammolar yuzaga kelmadi, – deydi Andijon viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon To‘lanov. – Birinchi navbatda aholi xonadonlariga tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligi uchun hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamkorligida zarur choralar ko‘rildi. Umuman, kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazishga qaratilgan zarur barcha ishlar amalga oshirildi.
bugungi kunda viloyatda 1 ming 713 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ularning 1 ming 512 tasi 1991 yilgacha, 201 tasi 2016-2020 yillarda barpo etilgan. Mazkur uylarga 293 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
Ko‘p qavatli uylarning qariyb 98 foizi, ya’ni 432 tasi 2013-2016 yillarda, 1 ming 36 tasi 2017-2019 yillarda mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Tijorat banklari tomonidan 2013-2019 yillar davomida 310 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlariga 142,7 milliard so‘m miqdorida kredit hamda hududlarni obodonlashtirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 35,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada ana shu ko‘p qavatli uylarning qiyofasi, shart-sharoitlari tubdan yaxshilandi.
Joriy yilda 77 ta uyni kuz-qish mavsumiga ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, 86 ta uyda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, uylardagi mavjud muammolar to‘la bartaraf etildi.
Jumladan, mazkur uylarning 5 ming 352 kvadrat metr tom qismi ta’mirlandi, 38 ta uyning yerto‘lasi tartibga keltirildi, 90 ta uylarga kirish yo‘laklari ta’mirlanib, temir eshiklar o‘rnatildi, 35 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi, uylar oldi qismidagi yo‘laklarning1 ming 770 kvadrat metr qismi beton qorishmasi bilan qoplanib, 1 ming metr masofadagi irrigatsiya tizimida ta’mirlash ishlari bajarildi.
[gallery-540]
Bundan tashqari, viloyat hokimligi tomonidan joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatlarini o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, Andijon shahridagi 29 ta ko‘p qavatli uyda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 450 million so‘m mablag‘ ajratildi, 12 ta uyning tom qismi, 29 ta uyning ichki muhandislik tarmoqlari ta’mirlandi, 12 ta uyning 2 ming 300 kvadrat metr yo‘lakchalariga bruschatka yotkizildi. Shuningdek, shahar va tumanlaridagi ko‘p qavatli uylar hududlarini obodonlashtirish uchun 6,8 milliard so‘m byudjet mablag‘lari sarflandi. Natijada 28 ta bolalar maydonchasi qurildi, 2 ming 834 metr irrigatsiya tizimi ta’mirlandi, 30 ming kvadrat metr yo‘lakchalarga bruschatka yotkizildi. Ko‘p qavatli uylar hududidagi 506 ta tashqi yoritish tizimlari soz holga keltirildi.