Qiş mavsumi uçun kömir zaxirasi yetarlimi?
Mamlakatimizda 2026-2027-yillar kuz-qiş mavsumida aholini kömir bilan taʼminlaş işlari davom etmoqda. Bu jarayonda kömir qazib oliş hajmini oşiriş, mahsulotni hududlarga öz vaqtida yetkazib beriş va aholiga sotiş tizimini takomillaştirişga alohida eʼtibor qaratilyapti.
“Özbekkömir” AJ tomonidan 2026-yilda jami 5,7 million tonna kömir qazib oliş va şundan 1 million 530 ming tonnadan ortiğini aholi ehtiyojlari uçun yönaltiriş rejalaştirilgan. Bu haqda jamiyat axborot xizmati mutaxassisi Abdunodir Nosirov iştirokida ötkazilgan brifingda maʼlum qilindi.
Qayd etilişiça, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida 5 million 488,9 ming tonna kömir qazib olingan. Şu davrda isteʼmolçilarga 4 million 784,4 ming tonna mahsulot yuklab jönatilgan.
Aholini kömir bilan taʼminlaşdagi joriy körsatkiçlarga köra, birja savdolariga 1 million 48 ming 461 tonna kömir çiqarilgan. Tadbirkorlar esa birjadan 987 ming 556 tonna mahsulot xarid qilgan. Şundan 542 ming 776 tonna kömir konlardan ortib jönatilgan bölib, 417 ming 136 tonnasi qabul qilib olingan.
Hozirga qadar tadbirkorlar tomonidan aholiga 308 ming 734 tonna kömir sotilgan. Omborlardagi mavjud qoldiq 108 ming 402 tonnani taşkil etmoqda. Yana 125 ming 640 tonna mahsulot belgilangan manzillarga yetkazib beriladi. Ayni paytda respublika böyiça aholiga kömir sotiş va yetkazib beriş bilan 89 ta tadbirkorlik subʼekti şuğullanmoqda.
Brifingda taʼminot jarayonining yangi tartibiga ham töxtalib ötildi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-sonli qarori asosida kömir taʼminotida bozor mexanizmlari joriy etilgan. Unga köra, aholi kömirni bevosita tadbirkorlar orqali xarid qiladi.
Bu jarayonda “Özbekkömir” AJ mahsulotni qazib oliş, birja savdolariga çiqariş va tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan kömirni konlardan öz vaqtida yuklab jönatiş uçun masʼul hisoblanadi. Tadbirkorlar esa mahsulotni qabul qilib oliş, omborlarga joylaştiriş va isteʼmolçilarga sotişni amalga oşiradi.
Aholiga qulaylik yaratiş maqsadida MyCoal.uz elektron platformasi işga tuşirilgan. U orqali fuqarolar bir neçta taklifni soliştirişi, sotuvçini tanlaşi, buyurtma berişi va uning bajariliş holatini kuzatib borişi mumkin. Şuningdek, jamiyat tomonidan tadbirkorlarga birja savdolarida qatnaşiş, şartnomalarni rasmiylaştiriş va platformadan foydalaniş böyiça amaliy yordam körsatilmoqda.
Kömirning yakuniy narxi birjadagi xarid qiymati, yuklaş, taşiş va boşqa xarajatlardan kelib çiqib belgilanadi. Şu bois mahsulotni sotiş narxi va yetkazib beriş şartlari uçun tadbirkorlar masʼul hisoblanadi. Fuqarolar esa platformadagi takliflarni özaro taqqoslab, öziga maqbul variantni tanlaşi mumkin.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qöllab-quvvatlaş maqsadida ham alohida imtiyoz nazarda tutilgan. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga MyCoal.uz platformasi orqali xarid qilingan har bir tonna kömir uçun 300 ming sömdan kompensatsiya beriladi. Bir kalendar yilida tölanadigan kompensatsiyaning umumiy miqdori 600 ming sömgaça etib belgilangan.
Nasiba Ziyodullayeva,
ÖzA