Qirsadaq namunali mahallaga aylanadi
Prezidentimiz kuni kecha Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida bo‘lganida mas’ullarga bajarilishi zarur bo‘lgan topshiriqlarni belgilab berdi.
Ayni kunlarda ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda keng qamrovli jarayonlar boshlab yuborildi.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi Qirsadaq mahallasini tumanda namunali mahallaga aylantirish, bu yerda ishsizlikni bartaraf etish, mahalla drayverini yaratish, aholi daromad manbalarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi T.Norbayeva va Prezident maslahatchisi M.Komilov ushbu mahallaga tashrif buyurdi.


Dastlab umumxalq hashari munosabati bilan hudduddagi ta’lim muassasasida “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxt nihollarini ekish ishlari olib borildi. Unda Respublika vazirlik va idoralarning mas’ul rahbarlari, Yangiyo‘l tumani sektor rahbarlari va faxriy nuroniylar, oqila ayollar, otinoyilar ham ishtirok etdi.


Tashkil etilgan suhbatda band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb etish masalalari ustuvor yo‘nalish etib belgilandi.
Aholisi 3 ming nafardan ziyodni tashkil etadigan Qirsadaq mahallasi namunaviy ish tashkil etish uchun tanlab olingan. Endilikda maxsus tuzilgan Respublika ishchi guruhi a’zolari uyma-uy yurib, xatlov o‘tkazgan holda mahalla aholisining har biri bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini aniqlaydi hamda uning natijalaridan kelib chiqib, mahallani rivojlantirish rejasini ishlab chiqadi. Shu bilan birga, ushbu jarayonda ijtimoiy himoyaga, tibbiy, psixologik yordamga muhtoj fuqarolarga ko‘mak berish choralari ko‘riladi.

Berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida shu kunning o‘zida mahallada xatlov ishlari boshlandi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri