Qirg‘izistonlik yoshlar Buxoroda
Qirg‘iziston Respublikasining faol va iqtidorli yoshlaridan iborat delegatsiyasi “Yuksalish” umummiliy harakati tomonidan Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
–Tashrif davomida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yoshlar hamkorligining istiqbollari” mavzusida ikki davlat yoshlari bilan muloqot uchrashuvi tashkil etildi, – deydi "Yuksalish" umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi rahbari Hamza Ro‘ziyev. – Tadbirda «Yoshlarning loyihalari va tashabbuslarini amalga oshirishda mening shaxsiy tajribam», «Germaniyadagi ta’lim va stipendiya dasturlari» mavzularida yoshlarning taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Taqdimotlarda qirg‘iz yoshlari bilan viloyatning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, stipendiat, tadqiqotchi hamda faol yoshlari qatnashdi. Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan muloqot uchrashuvida yoshlar o‘zaro tajriba almashdi.

Delegatsiya a’zolari Buxoro shahridagi yoshlar markazida yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan ishlar, markazning faoliyati bilan tanishishdi. Markazga tashrif jarayonida yoshlar milliy cholg‘u orkestrining maxsus taqdimot konserti, o‘zbek jang san’ati sporti to‘garagining sportchi yoshlari tomonidan tayyorlangan master klasslar namoyish etildi.
Mehmonlar ko‘hna va boqiy Buxoroning Bahouddin Naqshband ziyoratgohi, Sitorai Moxi xossa, “Labi hovuz”, “Poyi kalon”, “Nodir Devonbegi”, majmualari, Ark qo‘rg‘oni, Somoniylar maqbarasi, “Miri Arab” madrasasida bo‘lishdi.
Zarif Komilov, O‘zA