Qirg‘izistonda Qurbon hayiti sanasi ma’lum qilindi
Qirg‘iz Respublikasida 2026-yilgi Qurbon hayiti sanasi belgilandi. Unga ko‘ra, mamlakatda ushbu bayram 27-may kuni nishonlanadi.
O‘lka musulmonlar diniy idorasining xabar berishicha, islom olamining eng ulug‘ ayyomlaridan biri bo‘lgan ushbu kun Oy taqvimiga asoslangan holda belgilanadi va shu sababli har yili o‘n kun atrofida oldinga surilib boradi.
Qurbon hayiti muqaddas Haj amallarining yakunlanishini anglatadi. Ushbu kunda musulmonlar an’anaviy ravishda qurbonlik qilish, ehsonlar ulashish va yaqinlaridan xabar olish kabi xayrli amallarni bajaradilar. Odatda, bu bayram kuni mamlakatda rasmiy dam olish kuni deb e’lon qilinadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA