Qirg‘izistonda ayollarni o‘ldirganlar umrbod qamaladimi?
Qirg‘iziston parlamenti deputati Burul Amanova mamlakat Jinoyat kodeksiga “femitsid” atamasini kiritish va xotin-qizlarga qarshi sodir etilgan mudhish jinoyat uchun jazo chorasini eng yuqori darajada og‘irlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
“24.kg” nashri xabar berishicha, loyihada ayol kishini jinsiga nisbatan nafrat yoki kamsitish asosida zo‘rlash bilan bog‘liq holda, homilador ayolni qasddan o‘ldirish yoki uni o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazish holatlari femitsid sifatida baholangan. Ya’ni, bunday og‘ir jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan mol-mulkni musodara qilgan holda, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash, ularga nisbatan hech qanday amnistiya qo‘llamaslik taklifi ilgari surilmoqda.
Deputat aniqlik kiritishicha, mazkur tashabbus xotin-qizlar hayotini huquqiy jihatdan himoya qilishni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Bosh prokuratura ma’lumoti hamda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” (WPS) xalqaro indeks ko‘rsatkichi mamlakatda ayollarga qarshi jinoyat yil sayin ko‘payib borayotgani, hudud xotin-qizlar uchun xavfli bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Ushbu omillar mazkur qonun qabul qilinishi naqadar dolzarbligini asoslaydi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA