Qirg‘iziston hukumati iste’fo berdi
Sadir Japarov boshchiligidagi Qirg‘iz Respublikasi hukumati mamlakatda bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi prezident saylovidan keyin o‘z iste’fosini e’lon qildi. Bu haqda bugun davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Qirg‘iz Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi, Jog‘orku Kenesh torag‘asi (parlament spikeri – izoh tahririyatniki) Talant Mamitov "Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri va Qirg‘iz Respublikasi hukumati vakolatlarini tugatish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, - dedi matbuot xizmati vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, Japarov 10 yanvar kuni prezident saylovi yakuniy natijalari rasman e’lon qilingandan keyin Vazirlar Mahkamasi boshlig‘i lavozimidan bo‘shash haqida ariza bergan. Eslatib o‘tamiz, saylovda Japarov birinchi turdayoq 79,2 foiz ovoz to‘plab, g‘olib chiqqan.
Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, mamlakat qonunchiligiga binoan, prezident farmoni bilan hukumat a’zolari o‘z lavozim majburiyatlarini Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilgunga qadar bajarib turishadi. Demak, hozircha saylov oldi kampaniyasi chog‘ida Japarovning o‘rniga Bosh vazir etib tayinlangan Artyom Novikov hukumatni boshqarishda davom etadi.
O‘zA