Qimorxona tashkil etganlar fosh etildi
Toshkent viloyati IIBB hamda O‘rta Chirchiq va Bekobod tumanlari IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbirlar davomida noqonuniy qimor o‘yinlari tashkil etilgan holatlar aniqlandi.
Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida 34 yoshli shaxs (A.I.) Toshkent yo‘li ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanidagi xonalardan birida 7 nafar shaxsga har bir o‘yin uchun 100 ming so‘m evaziga qimor o‘ynash uchun sharoit yaratib bergani aniqlandi. Tadbir davomida ishtirokchilardan jami 1 million 600 ming so‘m pul, 2 dona oshiq hamda 2 dona qog‘oz idishlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, Bekobod tumanining Yangiovul mahallasida 28 yoshli shaxs (M.O.) tomonidan klaster dala maydonida pul tikish orqali xo‘roz urishtirish ko‘rinishidagi qimor o‘yinlari tashkil etilgani aniqlandi. Tadbir davomida o‘yinga tikilgan 886 ming so‘m pul mablag‘i va 4 dona xo‘roz daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘rta Chirchiq tumanida 7 nafar, Bekobod tumanida esa 25 nafar shaxsga nisbatan MJtKning 191-moddasiga asosan ma’muriy chora ko‘rildi. Shuningdek, har ikkala holat bo‘yicha jami 3 nafar tashkilotchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA