Internet tarmoqlari orqali o‘ynaladigan turli qimor o‘yinlari ommalashib ketayotgani sir emas. Yagona maqsadi moddiyat bo‘lgan bu jirkanch mashg‘ulot yoshlarni tobora ko‘proq jalb etib, ularni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib, jamiyat uchun ham katta muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Farg‘ona viloyatidagi dahshatli voqea ham ana shu – “1-xbet” o‘yinidan katta miqdorda qarz bo‘lib qolgan fuqaro tomonidan sodir etildi. 1992 yilda tug‘ilgan Umar Nishonov (ism-shariflar shartli) yaxshigina tashkilotda ish yurituvchi vazifasida ishlar, binoyidek oilasi, farzandlari bor edi. Nima bo‘ldi-yu, internet tarmog‘i orqali qimor o‘yinlariga o‘ralashib qoldi.  

Avval yutdi, albatta. Keyin yutqaza boshladi. “Yutqazgan kurashga to‘ymas”, deganlariday davom etaverdi, davom etaverdi. Qarz miqdori 100 million so‘mdan oshib ketdi. 

Bundan tashqari, tanishlaridan olgan qarzlari bor edi. Tabiiyki, bunday holatlarda haqdor tomon chora ko‘rishni boshlaydi. O‘yinlardan chetlashtirilgan Umar o‘z o‘rnida qarzdorlikni yopishi lozim edi. U haqdorlar tomonidan tez-tez ogohlantirilar, hatto tahdidlar bo‘lib turardi. Qarzni biridan olib biriga, boshqasidan olib ikkinchisini yopardi. “Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin”, deyishgan. Umar qattiq “stress” xolatga tushib borardi. 

Qo‘shnisi Omondan ham qarz so‘rab turar, lekin vaqtida qaytarib berardi. Bu gal 5000 AQSH dollari so‘raganda qo‘shnisi o‘ylanib qoldi. Qurilish qilayotganini aytib 2000 berib tura olishini aytdi. Umarning ishi bu bilan bitmasdi. Qo‘shnisi bergan pullarni oldiyu, qanday qilib vaziyatdan chiqish mumkinligi haqida o‘yladi. Ayni shu o‘ylar, tinimsiz qo‘ng‘iroqlar uning tinchligi, oromini buzayotgan edi.  

U qo‘shnisida yana pul borligini va pullarni ayni qaysi xonada turishini ham bilardi. Miyasida “lop” etib ko‘rinish bergan bir yomon o‘y unga najot bo‘lib ko‘rindi. 

Aslida “o‘g‘irlik” dab ataluvchi bu yomonlik ortidan esa yovuzlik ham ergashib qolishi mumkinligini u o‘ylab ko‘radigan ahvolda emas edi.  

Kunduz kuni uyda erkaklar bo‘lmasligini bilgani holda Omonning kelinchagi ko‘cha tozalab yurganini ko‘rdiyu maqsadini amalga oshirish istagida orqa eshikdan hovliga kirib bordi. Pul so‘raganida doimo olib chiqib beriladigan xona tomon yurib asta ichkariga kirdi. U yer bu yerga ko‘z yugurtirib hali “ob’ekt”ni topib ulgurmagandiki, zalda oyoq tovushi eshitildi. Umar yashirinmoqchi bo‘ldi, ammo sharpa xona tomon yaqinlashib u bilan yuzlashdi. 

Uylarida kuppa-kunduz kuni begona odamga ko‘zi tushgan ayol qichqirib yubordi. 

– Bu yerda nima qilyapsiz?! 

Ayol shoshib tashqariga otildi. U homilador, hatto oy-kuni yaqin edi. Orqasidan otilib chiqqan Umar deraza rahida turgan pichoqni oldi-yu ayolga tashlandi. 

– O‘chir! O‘chir deyapman! 

Pichoq bir zumda ayolning ko‘ksiga qadaldi. Keyin yana... yana...  

Yerga uzala tushgan homilador ayolning ustidan sakrab o‘tgan Umar o‘zini yana orqa eshikka urdi! 

O‘shanda soat 11.30 lar chamasi edi. Uyiga chiqib o‘zini o‘nglab, keyin qo‘shnisining uyi oldidagi olomonga qo‘shilgan bo‘ldi. Ammo voqea joyida tura olmadi. Asta orqasiga qaytdi. 

Kelinchak 26-27 yoshlar orasidagi navnihol edi. Bir nafar qizalog‘i bor, turmush o‘rtog‘i bilan ulkan orzular og‘ushida o‘g‘il farzand kutayotgan edi. Shifokorlarning urinishi zoye ketdi. Uning jarohatlari o‘ta og‘ir, boz ustiga ko‘p qon yo‘qotgan edi. Uning vujudidagi bugun-erta yorug‘ olamni ko‘rishga shay go‘dak ham onasi yanglig‘ yovuzlik qurboniga aylandi. 

Ulkan imkoniyatlar manbai bo‘lib kirib kelgan taraqqiyot tuhfalaridan foydalanishni o‘yin, sho‘xlik, bexayr qiziqishlarga alishish oqibatlari ba’zan mana shunday qabihlikka sabab bo‘lmoqda. 

Ikki inson hayotiga, umriga zomin bo‘lgan Umar ham bexayr ishlarga aralashib, qotillikka qo‘l urdi. Endigina 30 yoshni qarshilagan, ayni navqiron davrida o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etib 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 

Akrom Aripov 
Oliy sud bosh konsultanti.   

O‘zA 
 
Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qimor qotillikka sabab bo‘ldi