So‘nggi yillarda xalqimiz hayoti va farovonligining asosi bo‘lgan yerdan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlari muhofaza qilinishini ta’minlash, ularning me’yoriy qiymati hamda sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Bugungi kunda kadastr agentligi tomonidan hududlarda zamonaviy texnologiyalar, kosmik suratlar va dronlar yordamida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy qurilmalar qurish holatlari aniqlanmoqda. Shuningdek, Kadastr agentligi sohasida bugungi kunda yer va kadastr nazorati kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda.

Kadastr agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda uning tuman va shahar bo‘limlari tomonidan joriy yil boshidan 1 may kuniga qadar 947 ta jismoniy va yuridik shaxs tomonidan yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu yer maydonlarida qurilgan imoratlarni o‘z hisobidan bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma xatlari berilgan, shundan 594 ta holatda 18,84 gektar tomorqa sifatida foydalangan yer maydonlari va noqonuniy qurilmalar fuqarolar hisobidan bartaraf etilishi ta’minlangan. Jumladan, 250 ta holatda 23,36 gektar noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish, tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish yuzasidan fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalar kiritilib, shundan 62 ta holatda sud tomonidan da’vo arizasi qanoatlantirilgan va 187 ta holatda fuqarolik sudlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Misol uchun, Kadastr agentligining Guliston shahar bo‘lim inspektorlari tomonidan shaharning «Yuksalish» MFY hududida o‘tkazilgan yer va kadastr nazorati tadbiri davomida tegishli hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan davlat zaxirasiga tegishli 300 kv.m yer maydonida beton poydevor quyib, devor qurib o‘rab olish holatlari aniqlandi.

Aniqlangan holat yuzasidan inspektorlar tomonidan fuqaroga noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, ushbu fuqaroga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ushbu ogohlantirishdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan fuqaro o‘z hisobidan ushbu noqonuniy qurilmani bartaraf etdi va ushbu yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarildi.

Ayni kunlarda viloyat hududida yer nazorati tadbirlari kuchaytirilgan tartibda amalga oshirilmoqda. Bunda mutaxassislar dronlar yordamida, kosmik suratlarni taqqoslash orqali qonunbuzarliklarni ko‘zdan kechirmoqda.

–Hurmatli yurtdoshlarimizdan yerga oid qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishlarini, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab,noqonuniy qurilishlar qilib, katta mablag‘lar sarflab, oqibatda uni o‘z hisobidan buzib, boz ustiga jarima to‘lab, huquqbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolardik, –deydi Kadastr agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Burhon Minasipov. – Shuni unutmaslik lozimki, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik holatlariga qarshi keskin kurashishda qonun ustuvorligi albatta ta’minlanadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri