Qimmatbaho metallar va toshlar sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorda qonuniy va shaffof faoliyat yuritishni qo‘llab-quvvatlash, xufiyona iqtisodiyot hamda noqonuniy aylanma holatlarining oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy va iste’mol madaniyatini yuksaltirish, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, qonunbuzilish holatlarining oldini olish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Rahimjon Boboyev va O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida qonuniylik va shaffoflikni mustahkamlash, iste’molchilar manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
O‘zA