Toshkent shahrida qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogining so‘nggi kunida ishtirokchilar sablya yo‘nalishida yakkalik va jamoaviy bahslarda o‘zaro raqobatlashdi.
Kubok bahslarining jamoaviy bellashuvlarida Qoraqalpog‘iston-2 jamoasi erkaklar o‘rtasida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Toshkent-1 jamoasi kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Jizzax va Qoraqalpog‘iston-1 jamoalari kuchli uchlikdan joy oldi. Ayollar orasida Qoraqalpog‘iston-1, Toshkent-1, Qoraqalpog‘iston-2 va Jizzax jamoalari g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi.

Yakkalik bahslarining qizlar yo‘nalishida Ayakoz Jumamuratova so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida Sevara G‘aniyevani taslim etdi va musobaqa g‘olibiga aylandi. Karina Qurbonova hamda Bibiyaysha Husanboyeva esa kuchli uchlikdan joy oldi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida Saidibrohim Alimov, Bekzod Tajiddinov, Azizbek Karimboyev va Azizbek Dauletnazarov kabi qilichbozlar shohsupaga ko‘tarildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA