Qilichbozlar mamlakat kubogida bellashmoqda
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida 2013-yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi o‘g‘il-qizlar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari davom etmoqda.
Qo‘qon shahridagi 1-son sport maktabida o‘tkazilayotgan musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh qilichbozlar rapira yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy bellashuvlarda ishtirok etdi. Unda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Farg‘ona-1 jamoasi chempionga aylangan bo‘lsa, Toshkent-1 ikkinchi, Andijon hamda Farg‘ona-2 jamoalari uchinchi o‘rinni egalladi. Qizlar orasida esa Toshkent-1 jamoasi bosh sovringa ega chiqdi. Shuningdek, kuchli uchlikdan Toshkent-2 va Farg‘ona-2 va Andijon jamoalari o‘rin oldi.

Musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda Qo‘qon shahri hokimi hamda Qo‘qon shahri 1-son sport maktabi direktori ishtirok etib, yosh qilichbozlarni muvaffaqiyat bilan tabrikladi va ularga kelgusi sport faoliyatida yangi zafarlar tiladi.
Bugun esa turnir doirasida shpaga bo‘yicha yakkalik bahslariga start berildi. Unda yosh qilichbozlar medallar uchun kurashni davom ettirmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA