Qilich kesolmaydigan moʻylov
Tilimizda “shop moʻylov” degan ibora bor. Hech oʻylab koʻrganmisiz, nega aynan “shop”. Moʻylovga shopning qanday aloqasi bor?
Ona tilim - oltin sandigʻim
Tilimizda “shop moʻylov” degan ibora bor. Hech oʻylab koʻrganmisiz, nega aynan “shop”. Moʻylovga shopning qanday aloqasi bor?
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “shop” soʻzining ildizi shunday izohlanadi: Qadimda uchi orqaga qayrilgan tigʻli qilich “shop” deb atalgan. Diqqat qiling-a, shop moʻylovning ham uchi orqaga qayrilgan boʻladi. “Shop moʻylov” degan birikma ham shu maʼnodan kelib chiqqan. Bizda “Murtini bolta kesmas” degan matal bor. Qarangki, baʼzi shop moʻylovlarni qilich ham kesolmaydi.
Gapning “dangal”i
Haqiqatan ham bittagina soʻzda koʻp kechmishlar yashirinib yotadi. Biz “dangal” soʻzini bugungi kunda loʻnda, bir soʻzli, mard maʼnolarida tushunamiz. Xoʻsh, “dangal” soʻzi qanday paydo boʻlgan? Uning dunyoga kelishiga asos nima?
Qadimda bu soʻzning asl maʼnosi shunday boʻlgan: arpa va bugʻdoylar oʻrilgach, ularning dasta-dasta qilib bogʻlangan bogʻi “dangal” deyilgan. Mahmud Koshgʻariyning izohi bu. Qarang-a, odam ham oʻzini eplay olmay har tarafga xasday sochilib yotsa, bir butun holga kelolmasa, u hech qachon dangal boʻlolmaydi-da. “Dangal odam” iborasi asosan odamning qatʼiyatini va mustahkam sifatlarini ifodalash uchun qoʻllanadi.
“Urgʻochi” “urugʻ ochuvchi”mi?
Urgʻochi – bu soʻzning etimologiyasi haqida “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da shunday deyilgan: “Bu sifat qadimgi turkiy tilda mavjud boʻlib, “hosil qil” maʼnosini anglatgan “ur” feʼliga kuchaytirish maʼnosini ifodalovchi “-gʻa” qoʻshimchasini va shaxs maʼnosini bildiruvchi “chы” qoʻshimchasini qoʻshib hosil qilingan”. Albatta, bu izohda “urugʻ” soʻzining tub ildiziga ishorani koʻrishimiz mumkin. Lekin shu oʻrinda mening xayolimga yana bir fikr keldi. Garchi bu faraz aniq asoslarga ega boʻlmasa-da, aytib oʻtishni maʼqul topdim. “Urgʻochi” soʻzi “urugʻ ochuvchi” yoki “urugʻ ochdi” degan maʼnoga ega emasmikin? Harqalay, bu taxminni ham oʻylab koʻrish kerak.
Lavash va osh
Goʻshtni kabob qilib, yupqaga solib tayyorlangan yegulik “lavash” deb ataladi. Manbalar “lavash” soʻzini turkiy soʻz deb koʻrsatadilar. “Turkiy tillar etimologik lugʻati”da “L” harfi “lavash” soʻzi bilan boshlanadi. Lugʻatda Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida dasturxon tuzash “livash tergi” deb ifodalangani taʼkidlab oʻtiladi. Yana shuni taʼkidlash kerakki, “lavash” soʻzi “lav” hamda “osh” soʻzlaridan tarkib topgan. “Osh” hammamizga maʼlum. “Lav” yoki “liv” soʻzlari haqida esa, turli farazlar aytib oʻtilgan. Jumladan, xitoy tilidagi “li” don maʼnosini, arab tilidagi “liv” ovqat maʼnosini, shuningdek, qurbonlik taomi va boshoqli ekinlardan tayyorlangan yegulik maʼnosini bildirishi mumkinligi taxmin qilingan.
“Lavash” soʻzining qadimgi tilimizda “qozon” maʼnosida kelganligini ham manbalar taʼkidlab oʻtadilar.
Narxning navosi
Qayga borsang, gap obu havo bilan narxu navodan boʻlishi tayin. Shuning uchun ham tilimizda “narxu navo” soʻzi tez-tez va koʻp qoʻllanadi.
Narsaning pul bilan oʻlchanadigan qiymati “narx” soʻzi bilan ifodalanishini yaxshi bilamiz. U holda “narx” soʻziga qoʻshilib kelayotgan “navo” soʻzi qanday mazmunni anglatadi?
“Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da izohlanishicha, “navo” soʻzi forsiyda “turmush kechirish uchun zarur shart-sharoit” maʼnosini bildiradi. Demak, “narx-navo” soʻzi “turmush kechirish uchun zarur narsalarning qiymati, narxi” mazmunini anglatadi. Tilimizdagi “benavo”, “benavo qul” iborasi shundan kelib chiqqan. Abu Said Abulxayrning “Bu benavo qulgʻa navoye yoʻlla” degan misrasi bor. Shuningdek, “navo” soʻzining “garov” maʼnosi ham bor.
“Qarz”ning “qavola”si nima?
“Qarzi qavola” soʻzi ham tilimizda koʻp ishlatiladi. Uning “qarz-qavola” shakli ham bor. Arabcha “qarz” soʻzining maʼnosi hammamizga maʼlum. Xoʻsh, unda unga “qavola” soʻzi qanday qoʻshilib qolgan va bu soʻz qanday mazmunga ega? “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da izohlanishicha, “qavola” soʻzi asli “kafolat berdi” maʼnosini anglatgan.
“Qarz” va “qavola” soʻzlari tilimizga arab istilosi davridan soʻng kirib kelgan. Mahmud Koshgʻariy devonida qarz “alыm” soʻzi bilan, qarz beruvchi “alыmchi” soʻzi bilan ifodalangan.
Koshgʻariy “alim kech qalsa azaqlanur”, yaʼni “kechikkan qarz oyoq chiqaradi”, “alimchi arslan, berimchi sichgʻan”, yaʼni “qarz beruvchi arslon, oluvchi sichqon” degan maqollarni keltirib oʻtadi. Xakas va qarachay-malkar tillarida “alыm” soʻzi hozirgacha qarz maʼnosida keladi.
Xullas, “qarzi qavola” birikmasi “kafolat bilan olingan qarz” maʼnosini anglatadi.
Eshqobil Shukur,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi
“Bobo soʻz izidan” kitobidan