Qidiruvdagi shaxslar qo‘lga olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi idoralarida voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aliment bilan bog‘liq hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida kunlik targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Byuroning Namangan viloyati boshqarmasining Mingbuloq tumani bo‘limi tomonidan qasddan aliment to‘lamay yashirinib yurgan qarzdorlarni topish yuzasidan ham tegishli choralar ko‘rilmoqda. Yaqinda, olib borilgan qidiruv tadbirlar davomida uch nafar farzandining moddiy ta’minlashdan qochib yurgan qarzdorlar ushlanib, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Aniqlanishicha, fuqaro A.A. turmush o‘rtog‘i M.N. bilan ajrashadi. 2022 yilda sudning qarori bilan uch nafar voyaga yetmagan bolasi uchun har oyda topgan daromadidan 1/2 miqdorida aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati MIB tuman bo‘limi ish yurituviga olingan va ijro harakatlari qo‘llanilgan.

Biroq, olib borilgan ijro harakatlari, tushuntirish va ogohlantirishlarga qaramay qarzdor ota voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment pullarini qasddan to‘lamay kelgan. Buning oqibatida qarzdorlik 45,7 million so‘mga yetgan. E’lon qilingan qidiruv yuzasidan bajarilgan tadbir natijasida ushbu qarzdor topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Yana bir fuqaro H.K. dan undiruvchi M.A. foydasiga bir nafar bolasi uchun aliment to‘lash belgilangan. MIB tomonidan amalga oshirilgan tadbir davomida u ham ushlanib, unga ham jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tumani sudi tomonidan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
– Byuro ish yurituvida 1 089 ta aliment bilan bog‘liq hujjat mavjud, – deydi MIB Mingbuloq tuman bo‘limi davlat ijrochisi Akramjon Xudoyberdiyev. – O‘tgan 2023 yil davomida aliment to‘lamay kelgan 68 shaxsga nisbatan ma’muriy chora, bir nafar qarzdorga esa jinoiy javobgarlik ko‘rilgan va qonun ustuvorligi ta’minlangan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.