Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida tadbirkorlarga bir qator yengilliklar berildi. Xususan ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli imtiyozli shartlar asosida kreditlar ajratilmoqda. Bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, yurtimiz ravnaqi va farovonligiga o‘zining hissasini qo‘shayotgan hamda ajratilgan kredit mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarayotgan tadbirkorlar ko‘p.
Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim tadbirkorlar kreditlarni qaytarish borasidagi o‘z mas’uliyatini unutib qo‘ymoqda. MIB organlari tomonidan sud qarorlariga asosan kredit qarzlarini undirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2022 yil 7 fevraldagi qaroriga asosan qarzdor “Mironshox textile 777” oilaviy korxonasidan undiruvchi ATB “Xalq banki” Gala Osiyo filiali foydasiga 131,6 million so‘m kredit qarzi undirish belgilangan bo‘lib, ijro hujjati Byuroning Buxoro tumani bo‘limi ish yurituviga yuborilgan.
Davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan. Qarzdorga ijro hujjati mazmun mohiyati to‘liq tushuntirilib, bartaraf etish uchun ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsada, qarzdorlik bartaraf qilinmagan.
Davlat ijrochisining 2022 yil 9 martdagi qaroriga asosan garov mulki hisoblangan “Captiva” avtomashinasiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Byuroning qidiruv xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “Captiva” avtomashinasi Buxoro tumani, “Yurinbolo” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi korxona rahbarining qarindoshi bo‘lgan fuqaroning uyida ekanligi aniqlangan. O‘tkazilgan tadbir natijasida avtomashina mazkur manzilda topilib, tegishli tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Qarzdor tomonidan qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf qilinmasa, avtomashina baholanib, elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilishi haqida ogohlantirildi. Ijro hujjati talabini ixtiyoriy bajarmaslik, majburiy ijro harakatlarining o‘tkazilishiga sabab bo‘ladi.
Zarif Komilov,
O‘zA