Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan qidiruvdagi qarzdor shaxslarni aniqlash, topish maqsadida mamlakat bo‘ylab samarali va tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda.
2023 yilning o‘tgan davrida qidiruvda bo‘lgan 430 nafar jismoniy shaxs topilib, jami 650,5 million so‘m qarzdorlik undirildi.
Ayni paytda esa 61 nafar qarzdorni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu shaxslarning 19 nafari respublika hududida yashirinib yurganligi, 42 nafari esa chet elga turli maqsadlarda chiqib ketganligi aniqlangan.
– Uchquduq tumanida yashovchi fuqaro F.R aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lash yuzasidan davlat ijrochilari tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan doimiy ravishda yashash manzilini o‘zgartirib, aliment majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlab kelganligi oqibatida uning 59,3 million so‘m alimentdan qarzdorligi yig‘ilib qolgan, – deydi Majburiy ijro byurosi Uchquduq tuman bo‘lim boshlig‘i Zokir Eshonqulov. – Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qarzdor joriy yilning 4 dekabr kuni Toshkent viloyatidan ushlab kelinib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborildi. Sudda qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq qo‘llanilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Ayni paytda ijro hujjatlari talablarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan qarzdor jismoniy shaxslarni qidirib topish borasidagi tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri