Qidiruvda bo‘lgan avtomashina topildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor B.U.dan undiruvchi korxona foydasiga 383,5 million so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish belgilangan.
Undiruvni qarzdorga tegishli «Equinox» rusumli avtomashinaga qaratish ko‘zda tutilgan. Mazkur ijro hujjati 2024-yil 8-iyul kuni Majburiy ijro byurosining Yashnobod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Shundan so‘ng qarzdorga tegishli transport vositasini aniqlash va uni qonunchilikda belgilangan tartibda undiruvga qaratish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida ikki yildan ortiq vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan «Equinox» avtomashinasi aniqlandi. Transport vositasi belgilangan tartibda xatlanib, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarildi.
Ayni vaqtda avtomashinani realizatsiya qilish jarayoni boshlangan. Auksion savdolari natijasida tushadigan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda mavjud qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.
Mazkur holat sud hujjatlari ijrosini ta’minlash, qarzdorliklarni undirish hamda undiruvga qaratilishi lozim bo‘lgan mol-mulkni aniqlash borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini ko‘rsatadi.
Hamroz Bayonov,O‘zA