Qayta tayyorlash kurslari bitiruvchilariga diplomlar topshirildi (+video)
Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan 6 oylik yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga davlat namunasidagi diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, malakali yuridik kadrlar zaxirasini kengaytirish hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida Institut tomonidan tashkil etib kelinayotgan mazkur qayta tayyorlash kurslari navbatdagi bitiruvchilarini tayyorladi.
Olti oy davom etgan o‘quv jarayonida tinglovchilar huquq nazariyasi, konstitutsiyaviy huquq, fuqarolik huquqi, mehnat huquqi, ma’muriy huquq, jinoyat huquqi hamda boshqa muhim yuridik fanlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan nazariy bilimlarni egallab, amaliy mashg‘ulotlar orqali kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirdilar.
Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar endilikda nafaqat yuridik xizmatlarda, Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO organlarida barcha lavozimlarda, shuningdek advokatura hamda notariat tizimida oliy yuridik ma’lumot talab etilmaydigan lavozimlarda, balki yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotlarida ham faoliyat yuritishlari mumkin.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bundan buyon ham yuridik ta’limning uzluksizligini ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlash va mamlakatimizda huquq ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan ta’lim dasturlarini izchil davom ettiradi.
Batafsil
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6gG8FWuZ7Lo" title="Qayta tayyorlash kurslari bitiruvchilariga diplomlar topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M. Turdaliyeva, S. Obidjonov