Qayda bo‘lsak ham quvonchimiz, dardimiz bir
Yer yuzining har bir burchagida o‘zbek topiladi. Kimdir o‘qish, kimdir ish va yana kimdir sayohat istab Vatandan olisda yashab kelmoqda. O‘zA muxbiri ana shunday vatandoshlarimiz bilan suhbatda bo‘ldi. Eski yilni qanday o‘tkazgani, yurtimizdagi o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlari haqida qiziqdi. Fikrlarini yozib oldi.
Sharof Xudayberdiyev, Marburg universiteti Tibbiyot fakulteti katta ilmiy xodimi (Germaniya):
– Ayni kunlarda Vatandan olisda Germaniyada yashayapman. Hozirda Marburg universitetida ishlab kelyapman. 2021 yil aynan men uchun, yorqin, murakkab va juda tez o‘tdi. Negadir yoshing ulg‘aygani sari vaqtni ko‘proq qadrlay boshlar ekansan va u juda tez, barmoqlar orasidan qum tushgani kabi oqib ketishini his qilasan. Yilning eng yorqin, pozitiv cho‘qqisi bu O‘zbekistonga, ota-onam bag‘riga, uyimga bo‘lgan tashrif bo‘ldi. Bir necha hafta oilaviy, yaqinlarim bilan diydor ko‘rishib, yurtim taftidan bahramand bo‘ldim. Undan oldingi 2020 yilda pandemiya tufayli Vatanga bora olmagan edik. 2021 yilda ham koronavirus tufayli cheklovlar, murakkabliklarni his qildik, ayniqsa Germaniyada shu bugun ham karantin cheklovlari bir muncha keskinlashgan, biroq qurquv chekingani, kasallikni yengishga bo‘lgan ishonch kuchaygani tufayli, pandemiya masalasida qarashlarim pessimistik ruhda emas.
2021 yil ilmiy ishlarim borasida muvaffaqiyatli yil bo‘ldi, masalan “RNA biology”, “Cells” kabi xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalarim chop etildi. Pedagogik faoliyatimda, o‘zim uchun yangi - onlayn ta’lim, masofaviy ta’lim sohasini kashf etdim. Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti bilan, jumladan kafedra mudiri Gavhar Dushanova bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, SamDU magistrantlariga vebinarlar tashkil qilindi. Talabalarga biotexnologiyaning eng zamonaviy tadqiqot metodlari haqida, genetikaning yangi yutuqlari haqida ma’lumot berishga harakat qilaman. O‘zbekistonda muntazam istiqomat qilmaganim tufayli, siyosiy jarayondagi o‘zgarishlar, davlat rivoji borasida qandaydir fikr yoki baho bera olmayman. Lekin Germaniyadan turib SamDUga o‘rindoshlik asosida 0,25 stavkaga ishga qabul qilinganim, bu borada birgina ariza kifoya bo‘lib, hujjatbozlik talab qilinmagani misolida ta’lim tizimimizda ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rdim.
Bunday ijobiy o‘zgarishlar ko‘proq bo‘lishiga umid qilaman. 2022 yilda rejalarim ko‘p, katta qismi o‘zimni ustimda ishlashga qaratilgan. Masalan malaka oshirish, sog‘lig‘imga ko‘proq e’tibor berish, sport bilan ko‘proq shug‘ullanish, oilamga g‘amxo‘rlik qilish va albatta ilmiy faoliyatimda ham yangi pog‘onalarga ko‘tarilish. Kelayotgan bayram bilan yurtdoshlarimni chin dildan qutlayman! Barchaga sog‘lik tilayman.
Durdona Rasulova (Tojikiston):

– 2021 yil men uchun kutilgan va kutilmagan voqealarga boy, bir so‘z bilan aytganda juda ham ajoyib yil bo‘ldi. Ayniqsa yilning ikkinchi choragi ko‘plab yangiliklar va unutilmas taassurotlar baxsh etdi. Do‘st, qardosh va qo‘shni O‘zbekiston Respublikasi bilan ijodiy aloqada bo‘lib, u yerda o‘tkazilgan qator tadbirlarda ishtirok etish va qo‘shni davlatdagi ko‘plab hamkasblarim bilan tanishish hamda fikr almashishga muyassar bo‘ldim.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi har tomonlama do‘stona munosabatlar, xususan madaniy aloqalar sezilarli darajada yuksalib bormoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan imzolangan bir qator hujjatlar asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rnida joriy yilning may oyida Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari yuqori saviyada o‘tkazilganini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur dastur doirasida tashkil etilgan ko‘plab tadbirlarda faol ishtirok etdim va kinoteatrlarda bo‘lgan namoyishlarda boshlovchi bo‘ldim. Katta sahnalarda ona tilimda tadbirni olib borishim va bu mehmonlar tomonidan gulduros qarsaklar ostida iliq kutib olinishi menga bir olam quvonch baxsh etgan edi. Ushbu tadbir har ikki mamlakat kinematografiyasi rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Kinoijodkorlarimiz ijodiy hamkorlik, qo‘shma loyihalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Bir qator o‘zbek filmlari tojik tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Joriy yilning men uchun eng unutilmas voqeasi – bu, Xiva shahriga uyushtirgan safarim bo‘ldi. Vaholanki, bir necha yillardan buyon bu muborak safarni orzu qilib kelgandim. Tojikistonda yashasamda millatim o‘zbek bo‘lgani uchun tabiiyki O‘zbekiston telekanallari, radiolari va hatto nashrlarini ham muntazam ravishda kuzatib boraman. Balki shu sabab menda Xorazm zaminiga va madaniyatiga bo‘lgan mehrim, qiziqishim ortib, unga borish orzum tug‘ilgandir. Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati V Xalqaro kongressiga xorijlik jurnalistlar safida Toshkent shahriga qadam ranjida qildim. Mazkur haftalik Toshkent, Xiva va Nukus shaharlari bo‘ylab davom etdi va O‘zbekiston madaniy merosi bilan yaqindan tanishish baxtiga musharraf bo‘ldik. Yana bir katta tadbir «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent Xalqaro kinofestivaliga ham bir qator tojikistonlik kinoijodkorlar bilan tashrif buyurdik.
Kinofestivalga dunyoning 40 dan ziyod mamlakatidan 350 dan ortiq kinoijodkorlar ishtirok etishdi. Mazkur tadbir juda ham yorqin xotiralarga boy o‘tdi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki jahon kino yulduzlari bilan diydor ko‘rishdim va kasbimiz taqozosi bilan ulardan intervyular olishga ham muyassar bo‘ldim va bu tayyorlagan materiallarim Tojikiston davlat radiolaridan biri bo‘lgan o‘zim ishlaydigan “Ovozi toҷik” radiokanali va saytida muntazam ravishda efirga uzatilib bordi.
2021 yilda hayotimda bo‘lgan shunga o‘xshash katta voqealar umr daftarimda zarhal harflar bilan muhrlanib qoldi. O‘tib borayotgan yil men uchun juda ham ajoyib yil bo‘ldi. Kelayotgan 2022 yil uchun tuzgan rejalarim va maqsadlarim ham bir olam.
Ilohim, eshik qoqib kirib kelish pallasida turgan yangi yilimiz barchamiz uchun eng yaxshi yillardan biri kelsin.
Baxtiyor Hasan ( AQSH):

– 2021 yil albatta yengil yil keldi, deya olmayman. Chunki bunda ham Covid-19 davom etib, insoniyatga o‘z ta’sirini o‘tkazib turdi. Bu o‘z o‘rnida ko‘pgina ishlarni ortga surdi. Ayrim rejalarni amalga oshmasligiga sabab bo‘ldi.
Ammo aytish kerak, so‘ngi yillarda men kabi xorijda yashayotgan o‘zbeklarning yurtga bo‘lgan, bu yerdagi qon-qarindoshlarining kelajagiga bo‘lgan havotirlar yo‘qolgan. Chunki so‘nggi yillarda yurtimizda insonlarning yashash tarzi ancha yaxshilangan. O‘zim ham ortda qolayotgan yilda Vatanda bo‘lib qaytdim. Bu yerdagi bir oylik safarim chog‘ida O‘zbekiston har tomonlama yuksalishga bo‘y cho‘zganiga guvoh bo‘ldim. Bu men uchun eng katta baxt edi.
2021 yilda asosiy faoliyatim bo‘yicha ilmimni boyitdim. Vashingtonda kollejdagi tahsilimni tamomladim. Biz qayerda bo‘lmaylik, kindik qonimiz to‘kilgan yurt taqdiri haqida qayg‘uramiz. Shodligimiz, dardimiz bir. Yangi yildan esa ko‘p yaxshiliklar kutyapman.
O‘zA muxbiri
Dilobar Mamatova yozib oldi.