Qashqadaryo viloyati hokimligi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan bir guruh OAV vakillari ishtirokida yaqinda davlatimiz rahbarining Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida faoliyat boshlagan Qarshi shahridagi “Qavali” kichik sanoat zonasiga press-tur tashkil etildi.
Ushbu sanoat zonasi hududdagi sanoat markaziga aylangan. Zona 6 gektar hududda joylashgan bo‘lib, u yerda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 12 tani tashkil etadi.
Bu yerda qurilish materiallari bo‘yicha 13 ta, farmatsevtika bo‘yicha 2 ta, to‘qimachilik bo‘yicha 4 ta, charm-poyabzal bo‘yicha 1 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Ishtirokchilar dastlab sendvich panellari va profnastil ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Alptom” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
– Korxonamiz “1-son kompleks loyiha qurilish montaj” MCHJ tarkibiga kiradi, – deydi “Alptom” korxonasi ish yurituvchisi Baxtiyor Halimov. – Ushbu loyihaning umumiy qiymati 14,5 milliard so‘mni tashkil qilib, yiliga 350 ming kvadrat metr sendvich panellari va 2,5 million kvadrat metr profnastil ishlab chiqarish quvvatiga egamiz. Sendvich panel ishlab chiqarish viloyatdagi yagona loyiha hisoblanadi. Ikki yil oldin qurilish jarayoniga kerak bo‘lgani uchun Toshkentdan olib kelardik. Endi o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Korxonamizda 45 ta ish o‘rni yaratilgan. Ular doimiy va mavsumiy ishchilar. Yaqinda pinopolistrol blokni o‘zimizda tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bino tayyor. Faqat uskunalarni olib kelib o‘rnatish qoldi. Shuning evaziga loyiha qiymati 18,5 milliard so‘mga yetdi. Yangi loyihamizning ishga tushishi natijasida yana 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur sanoat zonasidan bizga yer tekinga berildi. Bundan tashqari kommunikatsiyalar, suv, elektr davlat tomonidan ta’minlandi. Bu esa korxona mablag‘larining sezilarli tarzda tejalishiga va natijada faoliyatimizni yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
[gallery-14383]
Keyingi manzil sanoat zonasidagi “Pegas” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Ushbu korxona temirni qayta ishlash, lak buyoq va uy tekstil ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Loyiha qiymati 13,4 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur korxona 0,35 gektar maydonni egallagan va yillik ishlab chiqarish quvvati 70 ming tonnani tashkil etadi. Korxona foydalanishga topshirilgach, 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozir korxona tomonidan ishlab chiqarilgan lak- bo‘yoq mahsulotlariga nafaqat mahalliy, balki qo‘shni viloyatlar bozorlarida ham qiziqish oshmoqda.
– Faoliyatimizni 2019 yilda boshlaganmiz, – deydi korxona rahbari Bekzod Nosirov. – Asosan ko‘p qavatli uy-joylar quramiz. Keyingi faoliyatimizni qurilish ishlariga ishlatiladigan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish evaziga uy-joylar tannarxini pasaytirishga qaratganmiz. Hozircha bu ko‘rsatkich 15 foizga yetdi. 2026 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 70 foizga yetkazishni mo‘ljallaganmiz. Mana bu korxonamizda hozirgi kunda akrel asosli emal buyoqlari, suyuq travertin qorishmasi va metal buyumlar ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotlarimiz turi 20 dan oshiq. Yillik quvvatimiz ming donadan ortiq. Kelgusi yilda MDF eshiklar uchun ham buyoqlar ishlab chiqarishni reja qilib qo‘yganmiz. Loyihamizning umumiy qiymati 13,4 milliard so‘mni tashkil etadi. Buyoq ishlab chiqarishda mikrakalsit xomashyosini Kitob tumanidan olib kelamiz. Boshqa aralashmalar Turkiya va Xitoydan import qilinadi. Yangi loyihalarni ishga tushirishda davom etyapmiz.
Press-tur jarayonida sanoat zonasidagi “Qarshi mebel” MCHJ faoliyati bilan ham tanishildi. Mazkur mebel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 8,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu yerda yiliga 4 ming dona turli ko‘rinishdagi mebellar ishlab chiqariladi. Loyiha shu yili sentyabr oyida ishga tushirilgan. E’tiborlisi, yangi korxonada 50 nafar yosh ish bilan ta’minlangan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari