Qashqadaryo viloyatida 15 yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan agrar tarmoqqa ixtisoslashgan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari tomonidan yaratilgan qattiq bug‘doy navlaridan makaron mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy makaron sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur zamonaviy makaron ishlab chiqarish sexi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida Janubiy dehqonchilik instituti tashabbusi bilan o‘z faoliyatini boshladi. Quvonarlisi, endilikda ushbu sexda Janubiy dehqonchilik instituti olimlari tomonidan yetishtirilgan qattiq bug‘doyning mahalliylashtirilgan innovatsion “Zilol” va “Nasaf” navlari qayta ishlanib, aholiga sifatli va xamyonbop bir necha xildagi makaron mahsulotlari yetkazib beriladi.
Yangi ishga tushirilayotgan zamonaviy makaron sexi o‘z navbatida mahalliy hokimiyat organlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, ilmiy doiralar va Xalqaro hamjamiyatning o‘zaro ishonchli hamkorligining natijasidir. Qattiq bug‘doydan makaron ishlab chiqarish qurg‘oqchilikka chidamlilik, suv iste’molini kamaytirish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish kabi bir qator muhim afzalliklarga ega.
[gallery-14760]
Makaron sexi mahalliy aholini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlash, viloyat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga hissa qo‘shishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, bu mahalliy fermerlarni g‘alla uchun barqaror bozor bilan ta’minlash orqali qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirishga yordam beradi.
Ochilish marosimida Yevropa Ittifoqi va BMT TD tashkiloti vakillari, ilmiy hamjamiyat, mahalliy hokimliklar va tashkilotlar vakillari, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlarining innovatsion loyihalari respublika qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligidagi loyiha doirasida o‘tkazilgan tanlovda maxsus moliyaviy grant sertifikatlariga ega bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari