Qatar G‘azoda sulh boshlanganini tasdiqladi
Bu haqda Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili Majid al-Ansoriy ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ozod etilishi ko‘zda tutilgan uch isroillik mahbusning ismlari Isroil tomoniga ma’lum qilingin. Ulardan ikki nafari Ruminiya va Britaniya fuqarolari.
Isroil G‘azo sektorida mahalliy vaqt bilan soat 10:15 dan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qildi. Bu Hamas G‘azoda saqlanayotgan isroillik mahbuslar ro‘yxatini e’lon qilgandan keyin sodir bo‘ldi, ular bugun ozod qilinadi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri idorasi bayonot berdi.

Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroilga topshirilishi kerak bo‘lgan uch mahbusning ism-shariflari e’lon qilinmaguncha, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirmasligini aytgan edi.
Isroil va Falastin harakati o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 19 yanvar, yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:30da kuchga kirishi kerak edi.
Kelishuvga ko‘ra, uch fazali otashkesimning dastlabki 42 kunida 33 nafar isroillik mahbus ozod qilinadi. Kelishuv G‘azo sektoriga har tomonlama gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, ko‘chirilgan falastinliklarning o‘z hududlariga qaytishi imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi. Ikkinchi va uchinchi bosqichlar tafsilotlari birinchi bosqich yakunlangandan so‘ng e’lon qilinadi.
Kelishuv 33 nafar isroillik asir evaziga 1900 dan ortiq falastinlikni ozod qilishni talab qiladi. Ayrim falastinliklar kelishuv doirasida deportatsiya qilinishi mumkin. Bundan tashqari, Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan beri hibsga olingan barcha ayollar va bolalarni ozod etish majburiyatini ham oladi.
Isroil har bir isroillik askar yoki xavfsizlik xodimi uchun 50 falastinlikni ozod qiladi. Dastlab, birinchi kuni 3 nafar asir, yettinchi kuni 4 nafar, keyin esa har haftada uch nafar isroillik, so‘ng oxirgi haftada esa 14 nafar asir ozod qilinadi.
Birinchi bosqich boshlanganidan 16 kun o‘tgach, kelishuvning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar boshlanadi. Biroq Isroilning yuqori martabali rasmiylari jumladan, Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning bayonotlari, birinchi bosqichning 42 kunidan keyin Isroilning G‘azoga intensiv hujumlarini davom ettirishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Isroil Adliya vazirligi mahbuslar almashinuvi doirasida ozod qilinadigan 735 nafar falastinlik ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida Al-Aqso shahidlari brigadasi rahbari Zakariyo Zubaydiy va sobiq deputat va Falastinni ozod qilish xalq fronti yetakchilaridan biri Xolida Jarrar kabi taniqli shaxslar bor.
Birinchi bo‘lib ozod qilinadigan 95 falastinlikning ismlari ham e’lon qilindi. G‘azodagi mahbuslar bilan ishlash idorasiga ko‘ra, Hamas har bir almashinuvdan bir kun oldin ozod etilgan asirlar ro‘yxatini e’lon qiladi.
Kelishuvga ko‘ra, Isroil armiyasi 22 yanvar kuni G‘azoning Netzarim koridoridagi nazorat-o‘tkazish punktlarini tark etadi.
Mahbuslar almashinuvidan so‘ng yettinchi kuni, yetti nafar isroillik asir ozod etilganidan so‘ng, Isroil armiyasi G‘azodan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaydi. Isroil qo‘shinlarining Filadelfiya koridoridan to‘liq olib chiqilishi kelishuvning ikkinchi bosqichida 50 kun ichida amalga oshiriladi.
Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, G‘azoning shimoliy qismi uchun yoqilg‘i o‘rnatilgan 50 yuk mashinasi yetkazib beriladi.
“Gaarets” xabariga ko‘ra, odamlarning G‘azo shimoliga qaytishiga ruxsat berilganiga qaramay, mintaqadagi aksariyat uylar vayron bo‘lgan va xalqaro yordam tashkilotlari qochqinlar uchun lagerlar barpo etish, shuningdek, yo‘llar, maktablar, shifoxonalar, suv va kanalizatsiya infratuzilmasini qayta qurish ustida ish olib boradi. Misr kompaniyalariga rekonstruksiya ishlarida yordam berishga ruxsat beriladi.
Isroil hukumati sakkiz soatlik yig‘ilishdan so‘ng kelishuvni ma’qulladi.
Go‘zal Sattrova,
O‘zA