Qatar axborot agentligi jurnalistlari O‘zAda (+video)
O‘zbekiston – Qatar munosabatlari oxirgi yillarda jadal rivojlanmoqda. Joriy yilning o‘zida ikki tomonlama oliy darajadagi tashriflar uyushtirilgani fikrimizga yaqqol dalil bo‘la oladi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtasi mustahkamlanishi asnosida axborot almashish sohasidagi sheriklik ko‘lami ham kengaymoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston milliy axborot agentligi – O‘zA va Qatar davlati axborot agentligi – QNA muhim o‘rin egallaydi.
QNA agentligi delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida bugun O‘zA Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov Qatar davlati axborot agentligi – “QNA” axborot boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Yusuf Ahmad As-Sayyid bilan uchrashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston – Qatar munosabatlari izchil rivojlanayotgani, xususan, 5-6 iyun kunlari Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniyning O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi, Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida 14 ta hujjat imzolangani, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar davlati amiri shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniy taklifiga binoan, 1-2 oktyabrda ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida “EKSPO Doha-2023” butunjahon ko‘rgazmasi ochilish marosimida ishtirok etgani alohida ta’kidlandi.
– Qarorgohi Dohada joylashgan Qatar axborot agentligi 1975 yil 25 mayda tashkil etilgan, – dedi Yusuf Ahmad As-Sayyid. – Fors ko‘rfazi mintaqasidagi yangiliklarga ixtisoslashgan yirik axborot agentligi arab media olamida o‘ziga xos mavqega ega. Zamonaviy multimedia uskunalari bilan jihozlangan saytimiz yangiliklar arab, ingliz, ispan va portugal tillarida axborot tarqatadi.
Uchrashuv jarayonida keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli islohotlar o‘z samaralarini berayotgani, ijobiy o‘zgarishlar barcha sohalarda namoyon bo‘layotgani, bu borada “O‘zbekiston-2030” strategiyasi muhim dasturilamal ekani qayd etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KY7TsBugxPI" title="Қатар ахборот агентлиги журналистлари ЎзАда" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun yaratilayotgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratilayotgani, so‘z erkinligini ta’minlash, davlat tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligi darajasini oshirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish orqali mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishda jurnalistlarning roli kuchayib borayotgani ta’kidlandi. Ayni yo‘nalishlar bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylanayotgan Qatar bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.
Muloqot yakunida yaqin kelajakda O‘zbekiston milliy axborot agentligi hamda Qatar axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha bitim imzolash masalasi ham muhokama qilindi.
Muharrama Pirmatova, Nosirjon Haydarov (surat), Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA