Qatar-2022. Bashoratlar yana tasdiqlanadimi?
Bugun, 5 dekabr kuni jahon chempionati nimchorak finali navbatdagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Yaponiya Xorvatiya bilan, Braziliya esa Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. Xo‘sh, bu o‘yinlar qay tarzda kechadi? Qaysi uchrashuvda kimning omad tulpori ildamroq harakatlanadi?
Mutaxassis, muxlislar o‘rtasida turli taxminlar bildirilayotgan bir paytda “Five Thirty Eight” kompaniyasiga tegishli super kompyuter har ikki uchrashuv g‘olibini bashorat qildi.
Hisoblash mashinasi jamoalarning hujum va mudofaadagi kuchini aks ettiruvchi deogramma taqdim etdi. Ushbu jadvalda keltirishicha, Yaponiya-Xorvatiya bahsining 1-bo‘limida muxlislar teng o‘yinga guvoh bo‘ladi-yu, ammo umumiy ustunlik bolqonliklar foydasiga - 54 foizga 46 foizni tashkil etadi. Xorvatiya turnirda hali mag‘lubiyatga uchramagan, 1/8 finalga 2-o‘rindan chiqqqani e’tiborli. Yevropa vakillari Marokash va Belgiya bilan 0:0 qayd etib, Kanadani 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Ko‘pchilik 2-turda Kosta-Rikaga yutqazib, kutilmaganda Germaniya va Ispaniya ustidan irodali g‘alabaga erishgan qit’adoshlarimiz chempionatda mo‘’jiza ko‘rsatishiga ishonmoqda. Kompyuter taxminiga ko‘ra esa kun chiqar yurt vakillarining harakati endi to‘xtaydi. Nahotki, farazga qarama-qarshi haqiqatni isbotlab kelayotgan yaponlar yana bir shov-shuv ko‘tara olmasa?!
Super kompyuter Braziliya-Janubiy Koreya juftligidagi yetakchi jamoa sifatida Janubiy Amerika vakillarini tan olgan. Pele izdoshlarining chorak finalga chiqish imkoniyati 83 foiz etib ko‘rsatilmoqda.
Shu o‘rinda aytish joiz, ushbu qurilma oldingi o‘yinlar xususida ham taxmin bildirgan. Xo‘sh, avvalgi bashoratlar qay darajada ishonarli chiqdi?
Taxminlar, nisbatan, tasdiqlangan. Kechagi uchrashuvlarda Fransiya-Polsha 81:19 foiz, Angliya-Senegal juftligi esa 68:32 foiz ko‘rinishida baholangan. Fransiya terma jamoasi Levandovski yetakchiligidagi polyaklarni 3:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, inglizlar afrikaliklarni 3:0 hisobida dog‘da qoldirgani bashorat to‘g‘ri chiqqanini anglatmoqda.
Yana bir e’tiborli jihat, ushbu kompyuter avvalroq Argentinaning Avstraliya, Niderlandiyaning AQSH ustidan g‘alaba qozonishini ham to‘g‘ri topgandi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA