Qatag‘on qurbonlari xotirasi unutilmaydi
31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
Har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. Sir emaski, yetmish yildan ortiq davr mobaynida davom etgan sobiq sho‘ro tuzimi davrida xalqimizning ana shu tuyg‘usi toptaldi, tariximizni xolis o‘rganishga, milliy, diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga yo‘l qo‘yilmadi.
O‘tgan asr boshidagi oktyabr to‘ntarishi oqibatida Turkistonda zo‘rlik bilan o‘rnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab o‘z tasarrufidagi turli o‘lkalarda yashayotgan xalqlar boshiga son-sanoqsiz qirg‘inlar, dahshatli va alamli kulfatlar olib keldi. Hozir Markaziy Osiyo deb atalayotgan, o‘sha davrdagi Turkiston zamining ilg‘or vakillari ana shu dahshatlarga qarshi turdi, istiqlol, erk va milliy-ozodlik uchun kurash olib bordi.
Turli manbalarda ta’kidlanishicha, qatag‘on yillarida yuz minglab turkistonliklar Vatandan bosh olib xorijiy mamlakatlarga chiqib ketdi, yuz minglab kishilar Sibirga, Uzoq Shimolga, shuningdek, Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Ural, Qozog‘iston, Uzoq Sharq, Kavkaz, Volgabo‘yi rayonlariga badarg‘a qilindi.
–Ayniqsa, 1937-1938 yillarda o‘ta mudhish voqealar yuz bergan, – deydi Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov. – Xususan, 1937 yilning 10 avgustidan 1938 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonda o‘n ming yetti yuz kishi qamoqqa olingan. Bulardan uch ming olti yuz o‘n uch kishi otildi, yetti ming sakson yetti kishi sakkiz-o‘n yil muddatga qamaldi.
Qatag‘on, avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qarshi qaratilgan edi. Faqat 1937 yilning dekabr oyida "uchlik" qarori bilan hukm qilingan uch ming olti yuz qirq to‘rt kishidan bir ming to‘rt yuz oltmish to‘rt nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchi bo‘lgan. 1938 yilning fevralida "uchlik" yig‘ilishlarida 2 ming 491 mahbus ustidan hukm chiqarilgan, shundan 2 ming 86 mahbus otuvga, 398 mahbus o‘n yil muddatga, ikki mahbus sakkiz yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular asosan o‘ziga to‘q dehqonlar, ishchi-xizmatchilar, ulamolar, savdogarlar bo‘lgan.
Sovet tuzumining qatag‘on siyosati diniy nuqtai nazardan og‘ir gunoh, siyosiy-dunyoviy jihatdan o‘ta dahshatli jinoyat edi. Tariximizning ana shu achinarli, alamli sahifasini yaratish, o‘sha achchiq tarixni eslash, undan saboq olish, bunday qatliom haqidagi bor haqiqatni bugungi va kelgusi avlodlarga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xususan, Vatanimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xalqimiz farzandlari nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Biroq, bu borada hali oldimizda qiladigan juda ko‘p ishlar turibdi.
–Yurtimizda faqat 1937-1953 yillarda qatag‘on qilingan 100 ming nafardan ziyod yurtdoshimizdan nari borsa 20-25 ming nafari nomma-nom aniqlandi, xolos, – deydi professor Rustambek Shamsutdinov. – Oldimizda qolganlarini izlab topish, aniqlash, xotirasini abadiylashtirishdek katta, og‘ir, lekin xayrli, vazifa turibdi.
Bu yorug‘ va dorilamon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, tinch-osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangi-yangi bunyodkorlik ishlariga chorlaydi. Zero, ozodlik uchun kurashgan insonlar xotirasi hech qachon unutilmaydi, xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizdagi qator oliy o‘quv yurtlari, shu jumladan, Andijon davlat universiteti tuzilmasida ham Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilgan.
Muzeydan ne-ne azoblarga solingan minglab ayanchli taqdirlar haqidagi eksponatlar joy olgan. Umuman, muzey jamoasi tomonidan mash’um siyosat qurbonlari xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
–Muzeyimizning maxsus doskasiga 1937-1938 yillarning o‘zida Andijon viloyatidan qatag‘on qilingan 1 ming 500 nafardan ortiq jabrdiydaning ism-familiyalari yozilgan, –- deydi muzey xodimasi Nigoraxon Akbarova.– Bundan tashqari, ularning xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy, adabiy, badiiy kitoblar to‘planib, elektron nusxalari tayyorlandi. Qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumot va hujjatlarni ilmiy tadqiq etish, ular haqida hikoya qiluvchi kitoblar, maktablarda muzeyning filiallarini tashkil etish borasida ham zarur ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishida qatag‘on qurbonlarini viloyat, tuman va shaharlar bo‘yicha noma-nom aniqlash, ularning hayoti va faoliyati, tarixiy hizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash, o‘rganish, qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning hotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy materiallar hamda noyob suratlarni to‘plash, shuningdek, qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini ilmiy tadqiq etish, ular haqida ilmiy-tarixiy kitoblar, badiiy va hujjatli filmlar yaratish yuzasidan qator vazifalar belgilangan.
Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Andijon davlat universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi” rahbari, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov tashabbusi bilan e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Rustambek Shamsutdiov rahbarligida olib borilgan tadqiqotlar, o‘rganishlar natijasida nafaqat yurtimiz, balki sobiq sovet ittifoqi tarkibiga kirgan boshqa respublikalar arxivlarida saqlanayotgan, hali keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan ko‘plab hujjatlar o‘rganilib, noxaq mudhish qatag‘on davri qurboni bo‘lgan yuzlab yurtdoshlarimiz haqida ma’lumotlar keng jamoatchilikka e’lon qilindi.
Joriy yil 19 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori esa mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish uchun dasturilamal bo‘ldi.
[gallery-19005]
Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida bugungi murakkab va tahlikali davrda mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning noma’lum sahifalarini tiklash va ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalash, qatag‘on qurbonlari xotirasi muqaddas ekanligi alohida qayd etilgan.
Muxtasar aytganda, shu muqaddas zamin, ona yurt tinchлиgi, mustaqilligi va taraqqiyoti uchun jonini fido qilgan, qatag‘on qurboni bo‘lgan vatandoshlarimiz nomini abadiylashtirish, ularning hayoti, taqdiri haqidagi haqiqatni kelgusi avlodlarga boricha yetkazish har bir yurtdoshimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari