Yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirishda hududlarda tashkil etilayotgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovlarining ham o‘rni ahamiyatli bo‘lmoqda. Bugun mazkur tanlovning Qashqadaryo viloyati bosqichiga start berildi va bir guruh kitobga mehr qo‘ygan vohalik yoshlar o‘z iqtidorlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
Ko‘p kitob o‘qigan insondan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Ayniqsa yoshlarning kitob mutolaasiga qiziqishining oshishi har jihatdan muhimdir. “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirokchilar qamrovining yildan-yilga kengayib borayotgani ham yuqoridagi fikrlarimiz isboti.
Qarshi shahridagi “Yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida 10 yoshdan 14 yoshgacha, shu bilan bir qatorda, 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 30 nafar yosh o‘z bilim va iqtidorini namoyish etdi.
[gallery-1289]
Tanlovning birinchi kunida tuman (shahar) bosqichlarida eng yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, ikkinchi kunida esa 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 15 nafar kitobxon yosh ishtirok etdi. ''Buyuk mutafakkir va adib'', ''Badiiy asarlar bilimdoni'', ''Erkin mavzu'' kabi 3 shart asosida olib boriladigan tanlovda ishtirokchilar o‘qigan kitoblari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 nafardan jami 3 nafar ishtirokchilar ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
– Tanlov taassurotlarga boy tarzda o‘tdi. Boisi ko‘plab do‘stlar va tajriba orttirdim, – deydi QarDU filologiya fakulteti talabasi Hayitoy Homitova. – Aslida bolalagimdan kitob mutolaa qilishga qiziqaman va shuning ortidan ko‘plab o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlarini o‘qib chiqishga erishdim. Bugun o‘sha olgan bilimlarim asqotdi va tanlovda faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Albatta, bu zimmamga yanada kattaroq mas’uliyat yuklaydi. Endilikda izlanishlarimni yanada kuchaytiraman. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, kitob o‘qimagan millatning kelajagi bo‘lmaydi. Bu g‘oya mening hayotdagi shiorimga aylangan. Nasib etsa, tanlovning mamlakat bosqichida ham munosib ishtirok etaman.
O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA