Mulk egasining huquqlari himoya qilinishida kadastr hujjatining alohida o‘rni bor. Mazkur kadastr hujjatlarini huquqiy hujjatlar asosida tayyorlashda Davlat kadastrlari palatasi Kasbi tumani filiali tomonidan ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Yil boshidan beri jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kadastr hujjatlarini tayyorlash borasida jami 2 ming 750 ta murojaat kelib tushgan, – deydi filial rahbari Sherzod Mahmudov. – O‘tgan davr ichida filial mas’ullari tomonidan 919 ta noturar binoga, 1 ming 405 ta yakka tartibdagi turar joyga, 210 ta ko‘p qavatli xonadon, 192 ta yer uchastkasiga kadastr pasporti rasmiylashtirilib, Davlat xizmatlari markazlari orqali mulkdorlarga taqdim qilingan.
Shuningdek, mazkur kadastr filialida aholi murojaatlari bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Yil boshidan beri yer ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, nizoli masalalar bo‘yicha filialga jami 315 ta murojaat yo‘llangan.
Filial rahbarining ma’lum qilishicha, ushbu murojaatlar tegishli tartibda o‘rganilib, vakolat doirasidagi 91 ta murojaat kadastr xodimlari tomonidan ijobiy hal etilgan va 187 nafar murojaatchiga qonuniy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilib, huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Bugungi kunda ko‘chma savdo joylarini tashkil etish uchun aholiga qator yengilliklar yaratilgan. Jumladan, tuman (shahar) zaxirasidagi yer uchastkalari K-SAVDO tizimida tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion orqali 3 yilgacha ijaraga berilmoqda.
Bunday yerlarga yengil konstruksiyalar va shunga o‘xshash boshqa ko‘chma savdo ob’ektlarini o‘rnatish mumkin. Kasbi tumanida ham ana shunday ko‘chma savdolar uchun jami 83 ta 0,50 gektar yer maydoni kiritilgan va shundan 0,21 gektarga teng 23 ta yer maydoni auksion savdosida tadbirkorlarga sotilgan.
Bundan tashqari, tumanda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida filial xodimlari tomonidan qariyb 12 gektarga teng 514 ta yer maydoni kiritilgan bo‘lib, 84 ta yer maydoni bo‘yicha auksion savdolari g‘oliblari aniqlangan.
Yer umummilliy boyligimiz. Ularni asrab- avaylash esa har birimizning vazifamizdir. Yerlarning hisobini to‘g‘ri yuritish kadastr xodimlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Shu maqsadda Kasbi tumanida ham qishloq xo‘jaligi foydalanishida bo‘lgan 66 232 gektar yer “UzKad” dasturida hisobga olindi va 54 442 gektar yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. E’tiborli jihati, mazkur tizimga kiritilgaan ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri