Transport vositalarini mast holda, giyohvand modda ta’sirida boshqarish ma’muriy huquqbuzarliklarning ob’ektiv tomonini tashkil qiluvchi harakatlar O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (MJtK) bilan qo‘riqlanadigan jamoat munosabatlarini jiddiy buzadi va uning oqibatida jinoyatlar sodir etilishiga ham olib keladi.
Ushbu toifadagi ishlar yildan-yilga oshib borayotganligi bois, bu boradagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirib borilmoqda. Xususan, 2018 yil 22 oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan MJtKning 131-moddasi 1-3-qismlari sanksiyasidagi jazolar kuchaytirildi. Kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, MJtKning 131-moddasi 1-qismiga maxsus huquqdan mahrum qilish jazosi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarida jarima qo‘llanilishi belgilandi. Bu qonun qabul qilinishiga Respublika bo‘yicha 2017 yilda mast holda transport vositalarini boshqarish bilan bog‘liq huquqbuzarlik 53,541 ta aniqlanganligi va bu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan 42 foizga oshganligi sabab bo‘lgan.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Qashqadaryo viloyatida 2021 yilda ushbu toifadagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 2020 yilga nisbatan 10 foizga oshgan bo‘lsada, haydovchilarning mast holatda transport vositasini boshqarishi kamaygan. Jumladan, 2021 yilda 2131 shaxs transport vositasini mast holatda boshqargani uchun jazolangan, 2022 yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich - 1322 tani tashkil qilgan. Bu toifadagi huquqbuzarliklar soni 809 taga yoki 38 foizga kamaygan.
Ammo bugungi kunda yo‘l harakati xavfsizligi masalasi o‘ta muhimligi sababli, bu boradagi faoliyatni tanqidiy ruhda qayta ko‘rib chiqib, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasini yanada kuchaytirish zarur bo‘ladi. Mast holatda transport vositasini boshqarganligi uchun javobgarlikka tortilgan 1322 shaxsdan 1112 nafariga jarima, 210 nafariga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Ma’muriy javobgarlikka tortilganlarning 280 nafari yoshlar, 65 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslardir. 2021 yil davomida jarima qo‘llanilgan shaxslarning 34 foiziga MJtKning 33-moddasiga asosan qonunda belgilangan jarimaning eng kam qismidan ham kamroq jarima qo‘llanilgan. 2022 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich – 8 foizni tashkil qilgan.
Transport vositasini mast holda boshqarish bilan bir qatorda haydovchining mastligini aniqlash uchun tekshirishdan bo‘yin tovlaganlikda ifodalangan ma’muriy huquqbuzarlik ham o‘z xususiyatiga ko‘ra, MJtK bilan qo‘riqlanadigan jamoat munosabatlarini jiddiy buzadi. 2022 yilda MJtKning 136-moddasi bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etgan 602 shaxs javobgarlikka tortilgan. Shundan 516 nafariga jarima, 86 nafariga ma’muriy qamoq jazolari qo‘llanilgan. Ushbu toifadagi ishlar afsuski o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga oshgan. Sudlar bu toifadagi huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashayotganligi va kelgusida ham bu kabi qo‘pol qoidabuzarlarga jazo muqarrarligini ta’minlashini inobatga olib, barcha Yo‘l harakati qatnashchilaridan qonunlarga qat’iy rioya qilishini so‘raymiz.
O‘.Mamadaliyev
Qashqadaryo viloyat sudi raisining o‘rinbosari
O‘zA